Tabiiy gaz quvuridan o‘g‘rincha foydalanayotgan ikki “tadbirkor” davlat manfaatlariga 200 million so‘mdan ziyod zarar yetkazgan

Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi va Past Darg‘om tumani bo‘limi xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini o‘rganishdi.

Jumladan, Past Darg‘om tumanining Turkman mahallasida yashovchi fuqaro Yu.Yu. jami 26,32 metr kvadrat yer maydonida issiqxona tashkil qilib, uni ishlatish uchun tabiiy gazdan foydalanish maqsadida ta’minotchi korxonadan tegishli ruxsatnoma olish o‘rniga, mahallasini gaz bilan ta’minlovchi 426 diametrli gaz quvuriga 32 diametrli gaz quvurini xufiyona ravishda, yer osti orqali ulab olib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelgan. Uning bunday «tadbirkorlik» faoliyati davlat manfaatlariga 81 million 183 ming so‘mlik zarar yetkazgan.

Ushbu holat yuzasidan Byuroning Past Darg‘om tumani bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “v,g” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tuman prokuraturasi tomonidan tergov ishlari olib borilmoqda.

Xuddi shu kabi tumanning Baxshiboyi mahallasida yashovchi fuqaro Z.A. qora qog‘oz ishlab chiqarish sexi tashkil etib, sex faoliyatini qonuniy ravishda tashkil qilish uchun tabiiy gaz ulgurji iste’molchisi tariqasida ta’minotchi korxonadan ruxsatnoma olish va tegishli tartibda belgilangan to‘lovlarni amalga oshirib borish o‘rniga, tumanning Kamolot mahallasi aholisini  tabiiy gaz bilan ta’minlovchi 70 diametrli gaz quvuriga yashirin ravishda 40 diametrli quvur o‘tkazib, sexida o‘rnatilgan maishiy isitish qozoniga ulab olgan va uzoq vaqt tabiiy gaz resurslaridan noqonuniy foydalanib kelgan. Fuqaro Z.A.ning bunday harakatlari oqibatida davlat manfaatlariga 122 million 625 ming so‘mlik zarar yetkazilgan.

Ushbu holat yuzasidan Byuroning Past Darg‘om tumani bo‘limi tomonidan fuqaro Z.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 185(2)-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi axborot xizmati.