Tadbirkorlarga ko‘mak va maslahat berilmoqda
Samarqand viloyati hokimligi va boshqa hamkor tashkilotlar ishtirokida soliq islohotlarini amalga oshirish jarayonida tadbirkorlik sub’yektlarining soliq qonunchiligiga rioya etilishini monitoring qilish maqsadida ishchi guruh tuzildi.
Ayni kunlarda ishchi guruh a’zolari joylarda yalpi pasportlashtirish (ko‘zdan kechirish hamda so‘rov o‘tkazish) tadbirlarini o‘tkazmoqda.
Xususan, ishchi guruhlar tomonidan “Samarqand Siyob savdo” majmuasi hududida hamda Samarqand-Buxoro va Samarqand-Toshkent yo‘nalishlaridagi avtobekatlarda o‘tkazilgan pasportlashtirish jarayonida xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan 463 ta kamchilikka yo‘l qo‘yilib kelinayotganligi aniqlandi. Jumladan, 26 holatda hujjatsiz faoliyat yuritish, 9 holatda faoliyat turi guvohnomaga mos kelmasligi, 8 holatda nazorat-kassa mashinalari o‘rnatilmaganligi holati kuzatildi. Shuningdek, 10 holatda xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan bankda o‘z hisob raqamini ochmaganligi, 33 holatda to‘lov terminallari o‘rnatilmaganligi, 175 holatda ijara shartnomasi tuzmasdan faoliyat yuritib kelinayotganligi, 21 holatda kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmaganligi va 181 holatda tadbirkorlar tomonidan norasmiy yollanma ishchilarni ishlatayotganlik kabi holatlar aniqlandi.
Mazkur tadbirlar chog‘ida tadbirkorlarga nisbatan hech qanday ma’muriy hamda moliyaviy jarima qo‘llanilmadi. Joriy yilning 23 fevraliga qadar 263 holatda xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning kamchiliklari hamkorlikda bartaraf etilishi ta’minlandi.
Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati.