Tahririyatga birinchi marta deputatga rahmatnoma keldi
Tahririyatimizga kelayotgan maktublarning har biri ro‘yxatga olinadi, tegishliligicha muxbirlarga topshirilib, o‘rganish va gazetada chop etish uchun tayyorlanadi. Xatlarning mazmun-mundarijasi ham turlicha. Adabiy-badiiy, ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-ommabop.
Shu o‘rinda tahririyatga 2018 yilda 2000 ga yaqin xat kelgani va ularning 1970 tasi gazetada chop etilganini ta’kidlash lozim. Tahririyatga kelayotgan shikoyat xatlarining ham salmog‘i kattagina. Ushbu shikoyat xatlari muxbirlar tomonidan shunchaki telefon orqali emas, albatta, joyiga borib o‘rganiladi, surishtiriladi. Mushtariylarga uning javobi gazeta orqali yoki shaxsan yetkaziladi. O‘tgan yillar davomida yillab yechilmagan muammolar bo‘yicha maktublar kelar, odamlar adolat istab oxirgi manzil sifatida tahririyatdan panoh izlardi. Bu kabi muammoli maqolalar bir necha marta gazeta yuzini ko‘rib, mutasaddilarning e’tibori qaratildi, masala joyida, ba’zida keyinroq bo‘lsa-da, hal etildi, ba’zilari ochiqligicha qoldi.
Qizig‘i, 2018 yilda tahririyatga kelgan shikoyatlar 2017 yildagiga nisbatan 20 foizga kamaygan. Nega degan savolga arzirli sabablarimiz bor. Aholi muammolari joyida hal etilayotgan holatlar kundan-kun ortib borayotir. Viloyat hokimiga murojaatlarning ancha yengillashgani, ya’ni telegram messenjeri ishga tushgani, xalq qabulxonalarining faoliyati, har bir tashkilot murojaatga jiddiy yondashayotgani tahririyatdagi shikoyatlarning kamaygani natijasi bo‘lsa ajabmas.
Xuddi shu sabablar tahririyatga minnatdorchilik mazmunidagi qo‘ng‘iroqlar, maktublar kelishiga ham sabab bo‘lmoqda.
Yana bir mushtariyimiz qo‘ng‘iroq qilish, maktub yozishga ham ishonmay aynan rahmatini bildirish uchun Past Darg‘om tumanidan kelibdi. "Iltimos, pullik xizmat bo‘lsa ham mayli, shu minnatdorchiligimni chop eting", deydi u.
– Ishonasizmi, ikkita oliygohni tugatsam ham ish topishga qiynalib qoldim, – deydi Past Darg‘om tumani Alisher Navoiy mahallasida istiqomat qiluvchi Zebiniso Ergasheva. – Gap shundaki, bundan besh yil avval hayotimiz o‘z o‘zanida ketayotgan, yaxshi orzular bilan yashayotgandik. Ammo turmush o‘rtog‘imning kutilmaganda imkoniyati cheklanib qolishi osuda turmushimizga soya soldi. Ishimni tashlab, unga va yosh farzandlarimga qarashimga to‘g‘ri keldi. Yaxshi insonlarning yordami bilan ro‘zg‘or tebratdik, o‘zim ham mehnatdan qochmadim. Bu orada farzandlarim ulg‘aydi. Endi o‘z ishimga qaytay desam, rad javobini eshitdim. Oradan olti yil o‘tib qo‘ygandi-da. Ish so‘rab murojaat qilmagan joyim qolmadi, ammo natija yo‘q. Buni qarangki, tuman kengashi deputati F.Islomovaning sa’y-harakati bilan ayni kunlarda maktabda kimyo fanidan dars beryapman. 38 yoshimda Prezidentimizning ta’lim sohasida olib borgan islohotlari tufayli sirtqi bo‘limga o‘qishga kirdim. To‘g‘risi, hayotimdagi bunday yaxshiliklarni so‘z bilan ta’riflab berolmayman.
Ta’lim sohasidagi islohotlardan minnatdor holda Nurobodning chekka qishlog‘i Hazarmalidan Mukarram Ro‘zimurodova shunday yozadi: "Oldingi yillari bizning qishlog‘imizdan oliy ta’lim muassasasiga kiruvchilar deyarli uchramasdi. Ammo o‘tgan o‘quv yilida qishlog‘imizning o‘n nafar yoshlari talaba bo‘ldi! Bundan mahalladoshlarimiz qanchalik faxrlanganini bilsangiz edi…"
– 2004 yildan buyon hal etilmagan muammom shu yil hal bo‘ldi, – deydi Kattaqo‘rg‘on tumani, Navbahor mahallasida yashovchi Shuhrat Yusupov. – O‘n yildan beri Rossiya davlatida ishlayman. Ota-onam bolaligimda ajrashib ketgani uchun meni bobom ulg‘aytirgandi. Ammo o‘z otam bu uyni o‘zlashtirib, meni u yerga qo‘ymadi. Bir nechta joyga murojaat qildim, ammo nasihat eshitib kelaverdim. Tumandagi bir insonning tavsiyasi bilan viloyat hokimining telegram messenjeriga yozdim. Muammom bir necha kunda hal bo‘ldi. Ayni kunlarda o‘z uyimda yashayapman.
– Kattaqo‘rg‘on shahridagi shifoxonada sharoitlar boshqa shaharlardagidan ming karra yaxshiroq, – deb yozadi Kattaqo‘rg‘on shahridan Namozboy Xidirov. – Ikkinchi guruh nogironi bo‘lganim uchun har yili davolanib turishimga to‘g‘ri keladi. O‘tgan yili SamTI qoshidagi klinikaga borib davolandim. Shifokorlari malakali bo‘lsa-da, ammo sharoiti yaxshi emasligi kayfiyatimga yomon ta’sir qildi. O‘zimizdagi shifoxonada sharoitlar ancha yaxshi, tibbiyot xodimlarining muomalasi ham ajoyib ekanligiga Samarqand shahriga borgach, yana bir karra ishoch hosil qildim.
To‘g‘risi, muammolar ko‘p, gazetalar maqtov bilan band, deya u yer bu yerda doimiy chaqiriqlar bo‘lib turgan paytda bu maktublarni e’lon qilish kimgadir erish tuyulishi mumkin. Ammo bu mushtariylarimiz nega maktubim chop etilmadi, deyishlari mumkin. Qolaversa, tahririyatga kelgan birorta maktub e’tiborsiz qolmaydi, degan qoidamiz bor.