Talaba necha foizlik ta’lim krediti olishi mumkin va qancha vaqtda qaytarishi kerak?
Bugungi kunda talabalarga Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi bilan bir xil – 14 foizlik ta’lim kreditlari taklif etilmoqda.
Agar kelgusida qayta moliyalash stavkasi respublika bo‘yicha oshsa ham kredit foizi ko‘tarilmaydi. Aksincha, agar qayta moliyalash stavkasi tushadigan bo‘lsa, talaba olgan ta’lim krediti foizi ham pasayadi.
Bu haqda Markaziy bankning Samarqand viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Suvonqulov hamda viloyatdagi bir qator tijorat banklari mas’ullari matbuot anjumanida jurnalistlarga ma’lumot berdi.
Aytilishicha, joriy yilda ta’lim kreditlari uchun bu yil viloyatda taxminan 71 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Bugungi kungacha 224 nafar talaba ariza topshirib, jami 2 milliard 25 million so‘m kredit olganiga e’tibor qaratsak, “limit tugab qoladi” degan xavotirga o‘rin yo‘q.
Mas’ullarga ko‘ra, ta’lim kreditini talaba oliygohni bitirgach, olti oydan so‘ng qaytara boshlaydi. Ta’lim davrida esa kreditning faqat foizlari to‘lab boriladi.
Mazkur 14 foizlik kreditlar oliygohlarning kunduzgi bakalavr hamda magistratura bosqichida tahsil olayotgan talabalar uchun. Sirtqi va boshqa turdagi ta’lim uchun kreditlar bozor sharoitidan kelib chiqib banklar tomonidan belgilanadi.