Talabalar uchun shart-sharoitlarni yanada yaxshilash choralari ko‘rilmoqda

Joriy yilning 23 noyabr kuni “Talaba.uz” telegram sahifasida ismi-sharifi ko‘rsatilmagan talaba Samarqand davlat universitetining psixologiya va ijtimoiy fanlar fakulteti yangi binoga ko‘chganligi va bu yerda tahsil soatlari faollar zalida o‘tayotganligidan nolib yozgan.

Haqiqatdan bir yarim hafta avval mazkur fakultetni talabalar sonining oshganligi sababli yangi binoga ko‘chirilgan edi. Bu haqda fakultet dekani Rahmatilla Mirzayev quyidagicha izoh berdi:

“2019-2020 o‘quv yilida SamDU psixologiya va ijtimoiy fanlar fakultetida talabalar soni keskin ko‘paygan. Shu munosabat bilan ushbu fakultetni Samarqand davlat universiteti tasarrufiga o‘tkazilgan Samarqand 1-pedagogika kolleji binosiga ko‘chirishga qaror qilingan. Mazkur bino kasb-hunar ta’limi tizimiga mo‘ljallanganligi sababli va yuzaga kelgan holatdan chiqish maqsadida binodagi mavjud faollar zali “Ma’ruzalar xonasi”ga moslashtirilib foydalanilmoqda...”.

Moslashtirilgan ushbu binoda olib borilayotgan dars mashg‘ulotlari bilan tanishganimizda, bu yerda 1070 nafar talaba tahsil olayotgani va 23 ta audatoriya ular ixtiyoriga topshirilganiga guvoh bo‘ldik. 2 ta audatoriya 40 nafardan, 6 ta o‘quv xonasi 18 nafardan, qolganlari 30 nafar talabaga mo‘ljallangan. Xonalar o‘rtacha me’yorda isitilmoqda. “Faollar zali”da ham yorug‘lik va issiqlik ta’minoti mo‘’tadil holatda.

Mavjud shart-sharoitlarni yanada yaxshilash choralari ko‘rilmoqda. Yangi bino qurilishini 2020 yilgi Investitsiya dasturiga kiritish yuzasidan tegishli idoralarga takliflar kiritilgan.

SamDU axborot xizmati.