Talabalar uchun yarmarka tashkil qilamizmi?
Bugun hamkasbim aytib bergan narsa meni juda taajubga soldi va bugungi kunda dolzarb mavzu bo‘lgani uchun barcha bilan baham ko‘rgim keldi.
Hamkasbimning qizlari Fransiyaga grant yutib o‘qishga ketdi. Kechagina maktabni bitirgan qizaloq mustaqil hayotga qadam qo‘ydi va bu mustaqil hayot musofirchilikda boshlandi. Ota-onasi, oilasidan yiroqqa ketgan bola tabiyki musofirchlikning ilk kunlarida oilasini sog‘inib, o‘zini yolg‘iz his qilayotganidan ona xavotirda.
Bugun hamkasbim qizlari va nihoyat sal kayfiyati ko‘tarilganini aytib qoldilar, sababi esa quyidagicha:
Fransiyaning Strassburg universitetiga turli davlatlardan, turli millat talabalari tahsil olgani kelar ekan. Mahalliy aholi shu talabalarni qo‘llab-quvvatlashning ajoyib yo‘lini topishgan ekan. Bilmadim, ehtimol bu tajriba boshqa davlatlarda ham bordir, lekin bizda yo‘qligi aniq. Xullas mahalliy aholi talabalar uchun yashashga zarur bo‘ladigan mahsulotlardan tashkil topgan katta yarmarka tashkil qilishar ekan. U yarmarkada zarur kiyim-kechakdan tortib, maishiy texnika (fen, elektr choynak, mikroto‘lqinli pech va h.z.). Qizimizning aytishicha, bu mahsulotlar eski-tuski narsalar emas, aksariyati yangi, ba’zilari ehtiyotlab ishlatilgan deyarli yangi ekan. Tabiiyki uzoq masofadan kelgan, mustaqil hayotga endi qadam qo‘ygan bu insonlar uchun bunday yordam juda ahamiyatli. Bundan tashqari, ularda yegulik sotadigan qahvaxonalarda ham talabalar uchun alohida imtiyozlar mavjud ekan, masalan, talabalik guvohnomasini ko‘rsatgan talabaga 10 so‘mlik narsa 1 so‘mga sotilar ekan. Bu ishlarning tag-zamirida ta’limni qo‘llab-quvvatlash yotadi.
Kuni kecha Kun.uz nashrining "Toshkentga qaytgan talabalar" sarlavhasi ostida e’lon qilingan fotoreportajini ko‘rdim. Feysbuk ijtimoiy tarmog‘iga joylangan post ostida yozilgan ayrim izohlarni o‘qib, hafa bo‘ldim. Kechagina maktabni bitirib, ne-ne umidlarda katta hayotga qadam qo‘ygan, kelajakda bir narsaga erishaman deb niyat qilgan, uyidan yiroqda ketib yashayotgan o‘zimizning yurtdoshlarning farzandlariga munosabatimiz shunday bo‘lsa. Aslida aksariyatimiz musulmonmiz — savob qilish hayotimiz mazmuni bo‘lishi kerak aslida, ularga yordam qilish o‘rniga, ularni shunday qilib haqoratlab o‘tirsak...
Yuqorida aytib berganim, boshqa bir millat va dinga mansub insonlarning o‘z mllatdoshi bo‘lmagan bolalarga qilayotgan savobli amallari. Gaplarim albatta hammaga tegishli emas, ularni qo‘llab-quvvatlaganlar ham ko‘p post tagida.
Bu postni yozishimdan maqsad esa, ehtimol biz ham tashabbus qilib, ana shunday yarmarkalar tashkil qilishimiz va mustaqil hayotga qadam qo‘ygan bolalarimizni ilmga bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlashimiz zarurdir. Buning uchun biroz mehr kifoya.
Xo‘sh, shunday yarmarka tashkil qilinganida siz ham qatnasharmidingiz?
Laylo Rustamova.