Talabalik - yoshlar maqsadining cho‘qqisi(mi?)
O‘qishga kirdingmi, bas, shu bilan kitob o‘qish, o‘z ustingda ishlashdan to‘xta. Himoloyni zabt etgandek kerilib yuraver...
...Shunday o‘ylar bilan oltinga teng to‘rt yilni o‘tkazib qo‘yganimizni bilmay ham qoldik. Universitetni tugatayotganda yakuniy imtihon olgan domlamiz “Aslida o‘qishga kirishingiz bilan qo‘lingizga diplom berish kerak ekan. O‘sha paytdagi bilim, ishtiyoqlaring hozirgidan ancha yaxshi edi”, deya norizo ohangda tanbeh bergandi.
Afsuski, oliy ta’limda shu zayl “kirding – bitirding” tamoyili mustahkamlandi. Biz ham o‘qituvchi bo‘lib maktabda ish boshlagach, tabiiyki, o‘quvchida faqat institut yoki universitetga kirish maqsadinigina shakllantirdik. Ota-onaning talabi ham shu bo‘lib qoldi. Hatto bugun ham aksariyat odamlarning bor-yo‘q g‘ami shu.
Tushgacha ustoz, tushdan so‘ng repetitor
Yurtimizda umumiy o‘rta ta’lim davlat tomonidan kafolatlangan. Shuning uchun har yili xalq ta’limiga davlat byudjetidan katta mablag‘ ajratiladi. Ammo ota-ona maktab ta’limiga ishonmaydi, maktabda o‘qiyotgan farzandini “qo‘shimcha o‘qish”ga beradi. Bola kunning yarmini maktabda, yarmini repetitorlarga qatnash bilan o‘tkazadi. Sababi, bugun oliy o‘quv yurtlariga kirayotganlarning katta qismini repetitorda qo‘shimcha ta’lim olganlar tashkil etyapti. Qizig‘i, o‘rta ta’limdagi o‘qituvchi bir paytning o‘zida repetitor hamdir. Masalan, ingliz tili fani o‘qituvchisi tushgacha maktabda dars o‘tadi, tushdan so‘ng o‘sha o‘quvchiga pullik tayyorlov markazida repetitorlik qiladi. Xo‘sh, unda maktab dasturiga bu fanni kiritish nega kerak?
O‘qituvchini maktabda olayotgan maosh, o‘quvchini esa 40 ta bola o‘tirgan sinfxonada o‘tilgan dars qoniqtirmayaptimi? Demak, yo o‘qituvchi yaxshi dars o‘tishiga sinfda o‘quvchi ko‘pligi xalal beradi yoki u maktabda shunchaki vaqt o‘tkazadi-yu, “markaz”da jon koyitadi...
Test yodlash ilm o‘rganish emas
Uch-to‘rt yil avval universitetlarga kirish shu darajaga yetdiki, faqat eng yuqori ball to‘plagan abituriyentgina o‘qiydigan bo‘ldi, hatto kontraktda ham. Bu testda berilgan barcha savollarga to‘g‘ri javob berish degani edi. Eng “optimist” kishi ham bunga biroz shubha bilan qarashi tayin. Axir gap uchta fan haqida ketyapti.
Darvoqe, test savollari biroz osonlashdi, deb xursand bo‘lganimiz ham uzoqqa cho‘zilmadi. Kirish imtihonida uchta fan og‘irlik qilib turgan bir paytda ular beshtaga yetkazildi. Masalan, filologiya yo‘nalishiga imtihon topshirayotgan abituriyentga qo‘shimcha blokda matematikadan savollar bor. To‘g‘ri, talaba matematikadan ham savodli bo‘lishi kerak. Ammo maktabning o‘zida ham ichki imtihonlar bor-ku. Adabiyotga qiziqqan o‘quvchiga maktabdagi matematika imtihoni yetarli, nazarimda. Hatto universitetda oxirgi kursda ham mutaxassislikdan uzoq bo‘lgan fanlar o‘quv dasturiga kiritilaveradi. Shu sababdanmi har bir diplomli kishi bir qarashda hamma narsani biladigan, har sohada bilimga egadek tuyuladi. Ammo ko‘p o‘tmay o‘z sohasida haminqadar ekanligi oydinlashadi.
E’tibor qilsangiz, bugun o‘quvchilar sakkiz yoki to‘qqizinchi sinfdanoq oliy o‘quv yurtiga kirish uchun maktabdan tashqari qo‘shimcha ta’lim olishga harakat qilyapti. Buni raqobat kuchliligi bilan izohlash mumkin. Ammo testda tushadigan savol-javoblarni boshdan-oyoq ommaviy yodlay boshlayotgani ularni ma’lum bir qolipga solib qo‘yayotgandek. Qolaversa, oliygohga kirish uchun test yodlashning ilmga qanchalik aloqasi bor? Bunday holatda o‘quvchi bir amallab o‘qishga kirdimi, tamom, bor ishtiyoqi so‘nadi. Aslida hamma gap talaba bo‘lish katta hayotga qo‘yilgan birinchi qadam, ilm ummonining eng kichik irmog‘i ekanini tushunib yetishda emasmi?!
Sabablar emas, oqibatlar bilan kurashilganda
Buning uchun oliygohga kirish oson, uni bitirib, mutaxassislik hujjatini olish katta mehnat talab qiluvchi tizimga aylanishi lozim. Bakalavriat talaba uchun o‘zi tanlagan mutaxassisligi bo‘yicha o‘qib o‘rganishga, izlanishga keng imkoniyat va ilm o‘rganishning boshlanishi. Negadir xorijiy universitetlarda ta’lim olib qaytgan, hatto biror tadbirkorlik faoliyatini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ygan insonlarni kuzatsangiz ular hamon o‘qish va izlanishdan to‘xtamagan, o‘z sohasi bo‘yicha har kungi yangiliklar bilan tanishib borayotgan bo‘ladi. Diplomliman, ishim tayin, pulim bor, deb izlanishdan, harakatdan to‘xtab qolayotgani yo‘q. Ular muvaffaqiyatining siri ham shunda, ehtimol. Ana shunday kishilargina o‘zining maishiy tashvishlaridan ortib, jamiyat manfaati, yurt ravnaqi uchun amalda biror ish qilayotgani bilan qadrli. Buning barchasi ular ta’lim olgan yurtlarda ta’limning har bir bosqichi to‘g‘ri va shaffof yo‘lga qo‘yilganidan dalolat beradi.
Bugun yaxshi rivojlanmagan mamlakatlarning eng og‘ir muammosi bu ishsizlik. Bu holatni aholi sonining o‘sishi yoki texnologiyalarning inson omilini yo‘qqa chiqarayotganiga bog‘lash ham mumkindir. Ammo ayni texnologiyalar tatbiq qilingan, aholisi dunyo aholisining katta qismini tashkil qilayotgan shunday mamlakatlar borki, ular bu kabi muammoga duch kelayotganlari yo‘q. Aslida ishsizlik muammosini bartaraf etishga sarflanayotgan vaqt va mablag‘ni ta’limni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish va eng muhimi, ong ostimizda qotib qolgan universitet diplomi barcha muammolarning yechimi degan fikrdan qutulish muhimroq ko‘rinyapti.
Sulaymon Asomiddinov.