Ta’lim tizimi rivojlanishi uchun o‘zimiz o‘zgarishimiz kerak
Keyingi yillarda mamlakatda asosiy e’tibor maktab va oliy ta’limga qaratilgan. Buning uchun davlat tomonidan juda katta mablag‘ ajratilmoqda. Soha uchun imtiyoz va imkoniyatlar kengaytirilmoqda. Maktabgacha ta’limdan oliy ta’limgacha qamrov oshirildi. Yangi muassasalar ochildi va bu boradagi ishlar davom etyapti.
Ammo har yili yozda test sinovlarida va yaxshi o‘qiydiganlarni ajratmasdan o‘tkazilgan xalqaro reytinglarda ishlarning natijasi yaqqol ko‘rinadi. To‘rt-besh o‘quvchining chetdagi va mamlakat ichidagi kuchli oliy o‘quv yurtlariga kirishi ta’limdagi real ahvoldan darak bermaydi. Chunki 38 millionli xalq orasida hamma vaqt iqtidorlilar va ularning orqasida turgan kam sonli ota-onalar, o‘qituvchilar ham bo‘ladi.
Bu sohada qayerda xatoga yo‘l qo‘yayapmiz, vaziyatni yaxshilash uchun nima qilish kerak? Katta e’tibor qaratilgan sohaning kamchiliklarini o‘rganishga, tahlil qilishga, xulosa chiqarishga, tuzatish uchun tegishli qarorlar qabul qilib, ularni amalga oshirishga e’tibor berilyaptimi? Menimcha, aynan masalaning shu tomoniga yetarli e’tibor yo‘q. Shu sababli bu borada ayrim takliflarni bildirishni joiz topdim.
Ta’limni o‘rganish instituti ochilsa...
Maktab va oliy ta’limda o‘z fikriga ega bo‘lgan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘quvchi va talabalar bilan ishlayotgan, tabiiy fanlar bo‘yicha ilg‘or pedagoglardan tashkil topgan ta’limni o‘rganish instituti ochish lozim. Balki T.Qoriniyozov nomidagi pedagogika ilmiy tadqiqot institutini ham shu institutga qo‘shib yuborish mumkin bo‘lar. Institutning vazifasi material tayyorlab SKOPUSga maqola yozish emas, balki ta’limning haqiqiy ahvolini doimiy ravishda o‘rganib borishdan, uning natijalari asosida asosiy kamchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli organlarga tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat bo‘ladi.
Institutning hamma xodimi Toshkentda ishlashi shart emas. O‘rta va oliy ta’lim dargohlari respublikamizning hamma viloyatlarida bor.
Institutning asosiy funksiyasi nazorat qilish emas, balki tizimni uzluksiz o‘rganib borishdan iborat bo‘lishi kerak. Buning uchun u tamoman mustaqil bo‘lishi, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar yoki maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklarining tarkibida bo‘lmasligi zarur. Vazirliklar tarkibida ta’lim sifatini nazorat qiluvchi inspeksiyalar bor.
Bugungi kunda ayrim katta shaharlarda rus maktablarining soni ko‘p, ya’ni rus tilida gaplashadigan aholining soniga mos emas. Nima uchun aholi o‘z farzandini rus tilidagi maktabda o‘qitishni xohlaydi? O‘zbek bo‘la turib farzandini rus maktablarida o‘qitayotgan ota-onalarning fikri qanday? O‘zbek tilidagi maktablarda matematika, fizika, kimyo fanlarini o‘qitayotgan o‘qituvchilarning qancha foizini ayollar tashkil qiladi? O‘z fani bo‘yicha ularning savodi qanday, darsga normal tayyorgarlik ko‘rish uchun imkoniyati bormi? O‘zbek ayollarining aksariyati 4-5 soat maktabda ishlab kelib, uy-ro‘zg‘or ishlari bilan band bo‘ladi. Undan keyin darsga tayyorgarlik ko‘rish uchun necha soat vaqt qoladi va bu vaqt yetarlimi?
Shu kabi savollarga javobi bugun juda dolzarb hisoblanadi.
Hamma maktabda o‘qishi shart emas
Mamlakatda tug‘ilish juda katta, har yili qo‘shimcha topgan pulning katta qismi bog‘cha va maktab qurishga, yangi tarbiyachi va o‘qituvchiga ish haqi to‘lashga ketadi. Bu boy mamlakatlarga ham qiyin. Birinchidan, biror mamlakat rahbariyati hammani rozi qilolmagan, ikkinchidan, ko‘rpaga qarab oyoq uzatish kerak. Shuning uchun, 9-sinflarni tugatgan o‘quvchilarning taqriban 30 foizini 11 yillik maktabda qoldirib, qolganlarini texnikum va kasb-hunar o‘quv yurtlariga o‘tkazish kerak. To‘qqizinchi sinfgacha asosiy fanlardan (ona tili, matematika, fizika, kimyo va ingliz tili) 8-9-sinf dasturi talabiga javob bermagan o‘quvchi keyingi ikki yilda uni o‘zlashtirmasligini hammamiz yaxshi bilamiz. Bu 11-sinfni tugatmasa oliy ma’lumot ololmaydi, degani emas. Esini yig‘ib texnikumni va tegishli kasb-hunar bilim yurtlarini yaxshi tugatganlari faqat o‘z yo‘nalishi bo‘yicha institutlarga kirishi mumkin.
Kelajakda esa ishni 4-sinfni bitirganlarni bilimi va intellektual qobiliyatiga qarab alohida sinflarga ajratish va shunga qarab murakkablik darajasi har xil bo‘lgan fanlarni o‘rgatishdan boshlash lozim.
Kasb-hunar bilim yurtlaridagi o‘qish muddatini 2 yilga yetkazish uchun kasbga aloqasi bo‘lmagan har xil fanlarni tiqishtirishning keragi yo‘q. Ba’zi kasblarni o‘rganish uchun 4-6 oy, ba’zilari uchun 1-1,5, ba’zilari uchun 2 yil, balki ko‘proq vaqt talab qilinar. Bir so‘z bilan aytganda, qancha kerak bo‘lsa, shuncha o‘qitish kerak. Kasb-hunar bilim yurtlariga uzoqda yashaydigan o‘quvchilarni tashish uchun avtobus berish yoki shu marshrut bo‘yicha avtobus bo‘lsa, unda yurishini bepul qilish zarur.
Balki aholi zich yashaydigan 2-3 ta katta maktabga ega qishloqlarda ham kasb-hunar bilim yurtlari, tuman markazlari, kattaroq shaharlarda texnikumlar ochish kerak bo‘lar.
Maktablarda yaxshi o‘quvchilarga mos yaxshi o‘qituvchilarni qoldirib, ularning oylik maoshini ko‘paytirish kerak, shunda maktabga erkak o‘qituvchilar qaytadi. Keyin har besh yilda OTMdagiday o‘qituvchining joyini vakant deb tanlov o‘tkazish zarur. Agar tanlovda bir nechta da’vogarni ortda qoldirib eski o‘qituvchining o‘zi qolsa, uning oyligini ko‘tarish kerak.
Kasb-hunari borning sertifikati bo‘lishi kerak
Kasb-hunar bilim yurtlarini Samarqand shahrida Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan kasb-hunarga o‘qitish markazi singari tashkil qilish kerak. Katta-katta zavod-fabrika, shirkatlarning yonida ham shu zavod, fabrikadagi kasb-hunarga o‘rgatuvchi bilim yurtlari ochilsa, ayni muddao bo‘ladi.
Bilim yurtlari sonini ko‘paytirmasdan zamonaviy asbob-uskunalar, maishiy texnika, sanoat maxsulotlarining namunalari, maketlar, stendlar va boshqa vositalar bilan ta’minlash, o‘rgatuvchilarining (ustalar, texnik mutaxassislar, injenerlar va hokazo) bilimi va malakasi yuqori bo‘lishiga erishish zarur.
Har bir kasb egasi qaysi tashkilotda ishlashidan qat’iy nazar ma’lum kasbni (payvandlovchi, tokar, elektrik, g‘isht teruvchi, elektron asboblarni tuzatuvchi usta va hokazo) egallaganidan keyin uni imtihon qilib, shu sohada ishlashiga ruxsat beruvchi sertifikat berish kerak.
Mayli, kasb-hunar bilim yurtidan tashqarida, masalan, otasidan, akasidan, qarindoshidan, xususiy ustozlardan o‘rgansin. Lekin, mustaqil ishlashi uchun albatta sertifikat olsin. Sertifikatlash, o‘quvchini kasb-hunar bilim yurtiga yetaklaydi. Sertifikati bo‘lmaganlarga past haq to‘lanadigan, kam malaka talab qiladigan “qora” ishlar qoladi.
Agar biz maktabdan tashqarida qolganlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatsak, imtihon qilib sertifikat bersak, mamlakatda oldinga siljish bo‘ladi.
Birinchidan, yaxshi kasb-hunar egallagan yoshlarning, ya’ni malakali ishchi kuchining soni ortadi.
Ikkinchidan, xususiy va davlat tashkilotlari sertifikati bo‘lmagan, payvandlovchi, elektrik, quruvchi, sozlovchi va boshqa ustalarni ishga olmaydi.
O‘zimizda ham sifatli ishga ishonch paydo bo‘ladi. Xitoy taraqqiyot uchun birinchi qadamlarni shunday mutaxassislar tayyorlab, AQSh va Yevropaning yaxshi maxsulotlari nusxasini tayorlashdan boshlagan. Endi ularning bilimi, malakasi oshib, raqobatbardosh, sifatli mahsulotlar tayyorlab, qimmat bozorlarda sotishyapti.
Farzand kelajagiga, avvalo, ota-ona mas’ul
Hozir aksariyat ota-onalar bolalari ko‘p bo‘lishini istaydi, lekin ularning kelajaga haqida kam o‘ylaydi. Bolani tarbiyalash, bilim berish bog‘cha va maktabning, katta bo‘lgach, ish bilan ta’minlash esa davlatning vazifasi deb qaraydi.
Mamlakatda bilimli mutaxassislarga, yuqori malakali ustalarga hamma vaqt ish topiladi, lekin qani o‘shalar? Hozir yurtimizdagi ko‘plab yirik majmualar qurilishida chetdan kelgan mutaxassislar ishlayotganini ko‘ryapmiz. Yoki bilimi, qo‘lida hunari bo‘lsa va ozroq til bilsa, mamlakatda ish bo‘lmagan taqdirda ham chetdan yaxshi ish topish ehtimoli ko‘payadi. Masalan, matbuot xabarlariga ko‘ra, Kanada 5-7 yil ichida mamlakatga 1,5 million malakali mutaxassis va ishchilarni ishga va kelajakda doimiy yashashga taklif etadi. Xorvatiya metall konstruksiyalari bilan ishlash bo‘yicha sertifikati va kamida 5 yillik tajribasi bo‘lgan o‘zbekistonliklarni ishga taklif qilyapti.
Endilikda davlat demografik siyosatga ham e’tibor berishi kerak. Hindiston, Xitoy va boshqa ba’zi davlatlar tug‘ilishni cheklashga majbur bo‘lgan.
Matbuot xabarlariga qaraganda, rahbarlar qabulida ko‘proq ishsiz, qo‘lida kasb-hunari yo‘q kishilar, serfarzand oilalar yordam so‘rab murojaat qilarkan. Bunday oilalarga davlatning ancha puli sarflansa kerak.
Ota-onasi sog‘lom bo‘la turib, qo‘lidan qurt o‘lmagan kambag‘al oilalarga beriladigan yordam ularning farzandlarini o‘qitish, kasb-hunar o‘rgatishga yo‘naltirilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Talabaga talab bir xil bo‘lishi kerak
Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan talabalarning jinsidan qat’iy nazar ularning bilimiga talab bir xil bo‘lishi zarur. Hozir talaba qizlar orasida erta turmushga chiqish avjiga chiqqan. Masalan, SamDU kimyo fakultetining 4-kurs talaba qizlarining 75-80 foizi turmush qurgan. Ko‘pchiligining farzandi ham bor. Ularning darsga qatnashi va o‘tilgan ma’ruzalarni o‘zlashtirishi, mustaqil, amaliy ishlar topshiriqlarini bajarishi qiyin kechadi. Chunki ularning asosiy vaqti uy-ro‘zg‘or yumushlariga sarflanadi.
Agar turmushga chiqqan talaba qizlar darslarga qatnashmasa, topshiriqlarni bajarmasa, fanlar bo‘yicha bilimi talabga javob bermasa, ularni kursda qoldirish, talabalar safidan chiqarish kerak.
Yoki homiladorlikning qonunda belgilangan vaqtidan boshlab, bolasini oyoqqa turg‘azgunga qadar majburiy akademik ta’tilga chiqarish zarur. Chunki, ba’zi talabalar 1-2 oylik chaqalog‘ini qarovchiga tashlab, darsga keladi. Bu davrda ona sutidan, mehridan ajralib qolgan farzandning sog‘ligi qanday bo‘ladi? Yoki ko‘ngilchanlik, “mehribonlik” qilib qoniqarsiz bilimiga imtihon baholari qo‘yib berilsa (hozir aynan shunday bo‘lyapti) ertaga u qanday mutaxassis (muallim) bo‘ladi? Demak, qanday bo‘lishidan qatiy nazar bilim darajasiga bo‘lgan talabni pasaytirmaslik kerak. Bunday holda talabaning yoshi yetganda turmush qurish, xohlagan vaqtda bola qilish kabi haq-huquqlari buzilmaydi.
Albatta, bu fikrlarim kimlargadir yoqmas, kimlargadir og‘ir botar. Lekin gap mamlakat, xalq taqdiri, ertasi haqida borar ekan, bunga har birimiz mas’ul ekanimizni unutmasligimiz lozim. O‘zimiz oldinga, yaxshi tomonga qarab o‘zgarmas ekanmiz, hech qachon boshlagan biror ishimiz muvaffaqiyatli chiqmaydi va oxiriga yetmaydi.
Abdulla QUVVATOV,
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti dotsenti.