Ta’lim tizimiga xorij «xamirturush»i zarur
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 11 yanvar kuni viloyatimizga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlar hamda xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bayoniga ko‘ra, 2019-2020 o‘quv yilidan Samarqand davlat universitetida "Xalqaro ta’lim dasturlari" markazi faoliyat boshlaydi. Bu yerda jahonning nufuzli oliy ta’lim dargohlari bilan birgalikda kadrlar tayyorlanadi. Shu bilan birga, Samarqand davlat universiteti hamkor xorijiy universitetlarning ta’lim uslubiyati va ilg‘or pedagogik texnologiyalarini yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalariga joriy qilish bo‘yicha metodik yordam ko‘rsatadi.
Samarqand davlat universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor Rustam XOLMURODOV mazkur jarayonlar, ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Shu paytgacha yurtimiz ta’lim tizimida to‘planib qolgan muammolar, yuzaga kelgan vaziyatdan soha vakili sifatida yuragim og‘riydi. Negaki, sobiq ittifoq davrida ta’lim tizimi o‘sha tuzum mafkurasi, siyosati bilan bog‘liq bo‘ldi. Mustaqillikka erishganimizdan keyin ham soha faoliyatini zamon talablari darajasida rivojlantirishga e’tibor qaratdik, islohotlar olib bordik. Ammo kutilgan natijaga erisha olmadik. Soha xodimlarining ham, xalqimizning ham dunyoqarashini, ilmga munosabatini o‘zgartirish og‘ir kechdi. Ilm-fan jamiyat, iqtisodiyot bilan mushtarak bo‘lmadi.
Keyingi 30-40 yilda jadal rivojlangan yoki rivojlanayotgan davlatlardagi islohotlar jarayoni, ular bosib o‘tgan yo‘lga nazar soling, barchasida ilm, ta’lim tizimi birinchi o‘ringa qo‘yilgan. Yoshlarning ta’lim-tarbiyasiga, yetuk mutaxassis kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilgan. Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya, Singapur, Isroil, Yevropadagi Skandinaviya davlatlarining yaqin tarixi bilan tanishing, bunga o‘zingiz amin bo‘lasiz. Yaponiyaning Ikkinchi jahon urushidan keyingi asosiy e’tibori yoshlar ta’lim-tarbiyasiga qaratilgan, ilm-fanni rivojlantirish orqali taraqqiyotni ko‘zlagan.
Shu jihatdan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatidagi faoliyatini, avvalo, ta’lim-tarbiyaga, ilmga e’tibor qaratishdan boshlagani nihoyatda to‘g‘ri va adolatli siyosatdir.
Tan olishimiz kerak, shu paytgacha biz ta’limga e’tibor qaratdik lekin maktabgacha ta’lim tizimini unutdik. Shaharlarni hisobga olmaganda, qishloqlarimizda bog‘chalar deyarli faoliyat ko‘rsatmadi. Vaholanki, yurtimiz aholisining ko‘pchiligi qishloqlarda istiqomat qiladi.
Maktab ta’limini rivojlantirish bo‘yicha dasturlar qabul qilindi, tizim faoliyati takomillashdi. Ammo ta’lim tizimida maktabning o‘rni sezilmadi, muallimning mavqei yo‘qoldi. Natijada oliy ta’limga ana shu zaif bo‘g‘inlardan bilim va dunyoqarashi o‘ziga yarasha bo‘lgan yoshlar kirib keldi. Oliy o‘quv yurtlari ham ular darajasiga moslashdi. Oxir-oqibat, jamiyatga o‘z sohasi bo‘yicha zamonaviy ilmlardan bexabar, diplomi boru mutaxassislik ko‘nikmasiga ega bo‘lmagan kadrlar kirib keldi.
Fan taraqqiyoti ishlab chiqarishga, iqtisodiyotga xizmat qilmadi. Yevropa va boshqa davlatlardagi singari ilm tijoratlashmadi. Ilm-fan o‘zicha, iqtisodiyot o‘zicha rivojlandi. Mutaxassis dissertatsiya yoqlaydi, fan nomzodi, doktor bo‘ladi. Lekin bundan jamiyat naf ko‘rmadi. Masalan, Isroil, Xitoy, Janubiy Koreya va boshqa davlatlarda ilm-fan taraqqiyoti tufayli qishloq xo‘jaligi rivojlandi. Sohaga yangi, ilg‘or texnologiyalar jalb etildi. Yerdan samarali foydalanish imkoniyatlari kengaydi.
Bizda-chi? Hamon o‘tgan asrdagi hosildorlik darajasi, o‘sha paytdagi texnika va texnologiya. Sohaga zamonaviy yondashuvni, yangi texnologiya va usullarni xorijdan o‘rganamiz. Vaholanki, qishloq xo‘jaligida bizdagidek tabiiy sharoit, imkoniyat, tuproq va iqlim boshqa joyda yo‘q. Agar shu boy imkoniyatlarimizdan foydalanishga ilmiy yondashsak, aql bilan ish tutib harakat qilsak, bizning oldimizga tushadigani bo‘lmaydi.
Mana, nima uchun Prezidentimiz ishni ta’limga e’tibor qaratishdan, Fanlar akademiyasining maqomini oshirishdan, ilm egalarini qadrlashdan boshladi. Hech shubhasiz, oldimizga qo‘ygan barcha maqsad-muddaolarimizga erishish, rejalarimizning amalga oshishi ilmga, ta’lim-tarbiyaga e’tiborimizga bog‘liq.
Bugun mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan tub islohotlar mohiyati ham shunda. Albatta, bu jarayon qisqa fursatda, oson kechmaydi, yillar davomida shakllanadi. Odamlarning tafakkurini o‘zgartirish, ta’limni yangilash uzoq vaqt talab etadi. Lekin qancha erta harakat qilsak, shuncha barvaqt buning samarasini ko‘ramiz.
Shu sababli bugun Prezidentimiz xorijiy davlatlarning bu borada bosib o‘tgan yo‘liga nazar solib, tajribalarini o‘rganishni, xatolarini takrorlamaslikni oldimizga vazifa qilib qo‘ymoqda. Ta’lim tizimi takomillashgan, ilm-fan rivojlangan davlatlardan o‘rganish, ular bilan hamkorlik qilish faqat foyda keltiradi. Bundan tortinmasligimiz kerak. Davlatimiz katta-katta mablag‘ sarflab, yoshlarni xorijga o‘qishga, malaka oshirishga bejiz yubormayapti yoki chet eldagi oliy ta’lim muassasalarining yurtimizda filiallarini ochishga e’tibor qaratmayapti, qo‘shma diplom loyihalari amalga oshirilmayapti. Bularning barchasi zamirida mamlakatimizda tarixan qaror topgan ilmiy maktablarni qayta tiklash, yuksak intellektual salohiyatli yoshlarni tarbiyalash va eng muhimi, shu orqali iqtisodiyotni, xalq farovonligini oshirish maqsadi mujassam.
Hamon esimda. Bolaligimizda buvim tandirga non yopardi. Bir kuni qo‘shnimizdan xamirturush olib kelishimni aytdi. O‘zimizda bor-ku, nega shuni ishlatmaysiz, deb so‘radim. Buvim esa "Bu xamirturush bilan bir necha marta xamir qordim. Endi boshqa xamirturush qo‘shib, yangilab olishimiz kerak, bo‘lmasa, nonimiz o‘xshamaydi", dedi.
Bu gapning ma’nisini o‘sha paytda tushunmagan bo‘lsam-da, keyinchalik anglab yetdim. Ayni chog‘da ta’lim tizimimizda xorij tajribasini qo‘llayotganimiz ham xamirturushni yangilashdek gap. Busiz rivojlanishni, o‘zgarishlarni tasavvur qilish qiyin.
Samarqand davlat universitetida ham bugungi kunda ushbu yo‘nalishda bir qator dasturlar asosida ish olib borilmoqda. Ayni paytda dunyoning turli mintaqalaridagi 62 oliy o‘quv yurti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Keyingi yillarda ular bilan aloqalar yaqinlashib, hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalar ishlab chiqildi.
Jumladan, Janubiy Koreyadagi universitetlar bilan maktabgacha ta’lim va zamonaviy axborot texnologiyalari bo‘yicha, Xitoy bilan robototexnika yo‘nalishida, Fransiya universitetlari bilan psixologiya, o‘simlikshunoslik bo‘yicha, Isroildagi oliy ta’lim muassasalari bilan sanoat matematikasi, zamonaviy texnologiyalar sohasida, Hindiston bilan dorivor o‘simliklar yetishtirish va zamonaviy laboratoriya tashkil etish bo‘yicha hamkorlikda ish olib boryapmiz. Bu davlatlarda bizning talabalarimiz, ilmiy xodimlarimiz o‘qib, mutaxassislik bo‘yicha bilim oladi, malaka oshiradi. Talabalar ta’limning ikki yilini o‘zimizda o‘qib, xorijiy tillarni o‘rganib, so‘ngra ikki yil xorijda ixtisoslik fanlari bo‘yicha tahsil oladi. Ertaga yurtimizga yetuk mutaxassis bo‘lib keladi, ilm-fan, iqtisodiyot rivojiga hissa qo‘shadi.
Prezidentimiz Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi chog‘ida Samarqand shahrida Konfutsiy maydoni tashkil etilishi va Xitoy bilan hamkorlikda ilm-fan sohasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi, kadrlar tayyorlash bo‘yicha tashabbusni ilgari surgan edi.
Ana shu tashabbus asosida universitetimizning 9 qavatli binosi oldidagi katta maydonda Konfutsiy haykali o‘rnatilib, Xitoy arxitekturasi asosida ko‘rkam xiyobon tashkil etildi. Binoda esa Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, Rossiya, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va boshqa davlatlar bilan hamkorlikda "Xalqaro ta’lim dasturlari" markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Binoning har bir qavati, qaysi davlat oliy ta’lim muassasasi uchun ajratilganiga qarab, ularning milliy an’analari va muhitiga mos tarzda jihozlanmoqda. 2019-2020 o‘quv yilidan bu yerda xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish boshlanadi.
Prezidentimiz shu yil 11 yanvar kuni Samarqandga tashrifi chog‘ida Konfutsiy maydoni va "Xalqaro ta’lim dasturlari" markazi bilan tanishib, ularning arxitekturaviy yechimini yanada takomillashtirish, ilmiy xodimlar va talabalar uchun barcha sharoitlarni yaratish yuzasidan tavsiyalarini berdi.
Qarang, davlatimiz yoshlarning ilm olishi, zamonaviy fan va mutaxassisliklarni puxta egallashi uchun nimaiki zarur bo‘lsa, hammasini muhayyo qilmoqda. Endi ilm bilan shug‘ullanayotgan pedagog va tadqiqotchilar, talaba-yoshlar va ota-onalarning ham dunyoqarashini, ta’lim-tarbiyaga munosabatini o‘zgartirish kerak. Qars ikki qo‘ldan chiqadi, axir.
Yoshlarning puxta bilim olishi, tanlagan sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lishidan, avvalo, uning o‘zi, ota-onasi, ustozi va undan keyin butun jamiyat manfaatdor ekanini xalqimiz tushunib yetishi kerak. Menga kutubxonada ishlovchi xodimlarimiz talabalarga joy yetishmayapti, talabalar turar joyiga mas’ullar kechasi ancha vaqtgacha xonalarda chiroq o‘chirilmayapti, deb "shikoyat" qilsa juda yoqadi. Keyingi paytda ana shunday gaplarni ko‘p eshityapman va bundan xursand bo‘laman. Demak, talabalarning o‘qishga munosabati o‘zgaryapti, ishtiyoqi oshmoqda. Ular uchun barcha sharoit yaratib berishga biz o‘zimizni burchli deb bilamiz va bu ishni jon deb bajaramiz.
Ota-onalar ham boladan diplom emas, bilim so‘rashi kerak. Ular ertaga farzandini ishga joylashtirish tashvishi bilan yurmasin. Yaxshi mutaxassisni ish beruvchining o‘zi izlab topadi. Shunday payt juda yaqin. Bu jarayon boshlandi.
Shu o‘rinda ota-onalarga bir o‘tinchim bor. Bu yil mamlakatimiz iqtisodiyotiga investitsiya kiritishda yangi davr boshlanishi shubhasiz. Davlatimiz rahbari, tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar bu masalaga alohida e’tibor qaratmoqda. Lekin investitsiya bilan har bir oila, har bir yurtdoshimiz shug‘ullanishi lozim. Oiladagi investitsiya farzandlarga, ularning ta’lim-tarbiyasiga kiritilishi zarur. Dabdabali to‘ylarga sarflaydigan mablag‘imizni farzandlarimizning yaxshi yashashi, zamonaviy ilmlarni o‘rganishi, yetuk mutaxassis bo‘lishi uchun sarflaylik. Bu investitsiya kelajakda o‘zimizga, yurtimizga o‘n karra, yuz karra ziyod bo‘lib qaytadi.
G‘olib HASANOV yozib oldi.