Ta’lim tizimini murakkablashtirish emas, soddalashtirish kerak

Dunyo minbarida ilmiy taraqqiyotning misli ko‘rilmagan asoratlari insoniyat oldida turgan katta xavflardan biri sifatida tilga olinmoqda. Bu asorat epkini ma’lum darajada ta’lim yo‘nalishiga ham daxldor ko‘rinadi. Ayniqsa, umumiy o‘rta ta’lim tizimida inson va u yashab turgan borliq haqida go‘zal tasavvurlarni shakllantirish rasmiy ma’lumotlar soyasida qolib ketadi.

Ta’lim tizimi hajm va mazmun jihatidan shunchalik kattalashib, murakkablashib bormoqdaki, endilikda bolalarning tabiiy imkoniyatlari sathidan butunlay chiqib ketmoqda. Achinarlisi, o‘ta murakkab va iqtisodiy samarasiz bilimlarni egallash yoshlarning jismoniy, ma’naviy-axloqiy yuksalishlari uchun zarur bo‘lgan vaqt zaxirasini o‘g‘irlamoqda. Tabiatning oltin qoidasiga zil keta boshladi, bolalikning g‘oyat og‘ir yuk ostida qolib ketish xavfi kuchaymoqda. Cheksiz ilmlar xazinasi va jajji vujudlar o‘rtasidagi tengsizlik, adolatsizlik kun sayin avjiga chiqayotir.

G‘oyat murakkab tushunchalar bilan keragidan ortiq to‘yintirilgan, bolalarga bir qadar begona darsliklar, 400-500 sahifali ko‘plab mashq va masalalar, test to‘plamlari bilan “qurollangan” ustozlarga bolalar jiddiy qarshilik ko‘rsatolmayapti. Buning oqibatida bolalik dunyosi himoyaga muhtoj bo‘lib qolmoqda.

Menimcha, ta’lim-tarbiya, sog‘lom va xushxulq, bilimli insonni shakllantirish, ularning qaysigadir yetakchilik maqomini berish to‘g‘ri ish emas. Ayniqsa, bolani harakatli faoliyatdan uzoqlashtirish yaramaydi. Hatto, jonzotlar ham bu ne’matning qadriga yetadi - mushuk bolalarini o‘ynatishga kattagina vaqt sarflaydi, sigir shataloq otayotgan buzoqchasiga xavotirli, ammo xayrixoh nazar tashlaydi.

Bugun amalda bo‘lgan ta’lim tizimimiz bolalarning eng sevimli mashg‘uloti – harakatli o‘yinlar uchun vaqt ajratish imkoniyatini cheklab qo‘ygan. O‘yin – ilohiy ne’mat. Unda jismoniy, ma’naviy, aqliy rivojlanish uchun zarur bo‘lgan tushunchalar bor.

To‘g‘ri, ta’limni faqat o‘yin bilan tashkil etib bo‘lmaydi. Lekin ulug‘ pedagoglar bolalar tomonidan turib ish yuritishni, ularni jismoniy avaylash, iqtisodiy samarasiz bilimlar bosqinidan asrash zarurligini ma’qul ko‘rgan.

O‘ta murakkab muammolar ustida ishlashning katta qismini alohida iste’dod sohiblari va soha mutaxassislariga qoldirgan maqsadga muvofiq. Bolalar uchun mo‘ljallangan ommaviy ta’lim obdon “qaynab”, juda yaxshi “pishgan” bo‘lishi kerak. Aslida, murakkablikning yuzaga kelishi fan-texnika taraqqiyoti, kashfiyotlar ko‘lamining oshib borishi belgilanadi.

Sho‘rolar davrida ta’lim mazmuni va hajmi o‘quvchilarda emas, ko‘proq dastur va darsliklarda o‘z ifodasini topadi. Natijada g‘oyat qiziqarli o‘quv predmetlari bolalarni ortiqcha toliqtiruvchi vositalarga aylandi. Bu borada test asosidagi tanlovlar hissasi ham sezilarli darajada katta bo‘lib, umumta’limni ehtiyojdan uzoq murakkablik tomon jadal eltuvchi butun bir tizim shakllandi.

Aslida ta’lim mazmuni taqlid, tasavvur, tahlil, tadqiq tushunchalariga mos ravishda sodir bo‘ladi. Bu ketma-ketlikning birisiz boshqasi shakllanmaydi. Maktabgacha tarbiya va o‘rta ta’limda taqlid va tasavvur yuzaga kelsa, oliy ta’limda tahlil va tadqiq asosiy mavqega ega bo‘ladi.

Komil inson tamoyillarining poydevori asosan maktabgacha ta’lim va umumiy o‘rta ta’lim bosqichlarida barpo etiladi. Bularning barchasi o‘qish oson bo‘lgan joyda bo‘y ko‘rsatadi. Keng ko‘lamli bunday vazifani amalga oshirish o‘quv rejalari, dastur va darsliklarni takomillashtirish bilangina cheklanmaydi, darsning rang-barang, samarali shakllaridan muvaffaqiyatli foydalanishimizga to‘g‘ri keladi. Chunki muhimni nomuhimdan, zarurni nozarurdan farqlay olish juda muhim. Mehnat taqsimotining bugungi ko‘rinishi murakkablikni emas, sodda, ixcham, tushunarli va zavqli ta’lim berishni taqozo qiladi.

Ilash ABDIYEV,
faxriy o‘qituvchi.