Tanlovda nohaqlikka yo‘l qo‘yilganini isbotlash kerak

Yaqinda internetdagi Facebook ijtimoiy tarmog‘ida bu yilgi Zulfiya nomidagi davlat mukofoti uchun tanlovlarni o‘tkazish jarayonida Toshkent shahrida nohaqliklarga yo‘l qo‘yildi, degan mazmundagi video murojaat hamda matnli xabarlar tarqaldi.

Xo‘sh, bu iddaolar qanchalik asosli? Keling, shu o‘rinda Toshkent shahrida o‘tkazilgan bu galgi tanlov haqidagi ayrim ma’lumotlarga e’tibor qarataylik.

Toshkent shahri tumanlarida Zulfiya nomidagi davlat mukofotining 2020 yilgi sovrindorlarini aniqlash uchun tanlovlar o‘tgan yilning sentyabr oyida boshlangan edi. Mazkur tanlovlarda poytaxtimizdagi umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan jami 4 ming 526 nafar iqtidorli qizlar ishtirok etdi.

Belgilangan shartlar asosida ular orasidan saralab olingan 402 nafar ishtirokchi tanlovning tuman bosqichlarida qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Tanlov nizomiga asosan tashkil etilgan komissiyalar tomonidan ana shu qizlarimizning bilimi, intellektual va ijodkorlik salohiyati xolis va atroflicha sinovdan o‘tkazilib, eng yuqori bahoga sazovor bo‘lgan 76 nafar ishtirokchi shahar bosqichiga yo‘l oldi.

Tanlovning Toshkent shahar bosqichi 7 ta yo‘nalish bo‘yicha ikki bosqichda o‘tkazildi. Jumladan, o‘tgan yilning 18 noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida birinchi bosqich fan, ta’lim, adabiyot va jamoatchilik yo‘nalishlari bo‘yicha tashkil etildi.

Oradan bir kun o‘tib, 19 noyabr kuni san’at, madaniyat va sport yo‘nalishlari bo‘yicha tanlovning ikkinchi bosqichi O‘zbek milliy akademik drama teatrida o‘tkazildi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, keyingi yillarda Zulfiya nomidagi davlat mukofoti uchun tanlovlarni xolislik va adolat tamoyillariga qat’iy rioya qilgan holda, ochiq va shaffof tarzda o‘tkazishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

Da’vogarlar orasidan eng munosib nomzodlarni saralab olish maqsadida turli sohalar bo‘yicha katta bilim va malakaga ega bo‘lgan obro‘li mutaxassislar hakamlar hay’ati tarkibiga jalb etilmoqda. Tanlovning Toshkent shahar komissiyasiga kiritilgan nufuzli hay’at a’zolari 7 ta yo‘nalish bo‘yicha ishtirokchilarning bilim va salohiyatini jiddiy sinovdan o‘tkazdi.

Barcha sinov va imtihonlar tanlov nizomida belgilangan talablarga qat’iy amal qilingan holda o‘tkazilib, nomzodlarning bilim va salohiyati 7 ta mezon asosida 10 ballik tizim bo‘yicha baholab borildi.

Shuni ham aytib o‘tish kerakki, tanlovning tuman va shahar bosqichlari nomzodlarning ota-onalari va ustozlari ishtirokida o‘tkazildi. Ushbu jarayonlarda barcha nomzodlar o‘z tengdoshlarining chiqishlarini ko‘rib, kuzatib bordi. Shahar komissiyasining xulosasiga ko‘ra, 7 ta yo‘nalish bo‘yicha eng yuqori ballarni to‘plashga erishgan 21 nafar nomzod respublika bosqichida qatnashish uchun tavsiya etildi.

Bu jarayonga oid hujjatlar mazkur tanlovning Toshkent shahar komissiyasida saqlanmoqda, zarurat tug‘ilganda ularni o‘rganib chiqish uchun tegishli ishchi guruhlarga taqdim etish mumkin.

Facebook ijtimoiy tarmog‘ida bu mavzuda tarqatilgan video murojaat hamda matnli xabarda bu borada nohaqlik va korrupsiyaga yo‘l qo‘yilganini ko‘rsatadigan birorta dalil yoki isbot mavjud emas.

D.NAJMUTDINOVA,

Zulfiya nomidagi davlat mukofotining Toshkent shahar komissiyasi raisi.