Taqdir in’omi

Bo‘lgan voqea

Onkologiya sohasi taniqli mutaxassisi Doktor Mark bir kuni boshqa shaharda bo‘lib o‘tadigan konferensiyada qatnashish uchun aeroport tomon yo‘l oldi. U juda hayajonlanardi, chunki bu anjumanda uning ko‘p yillik tibbiy tadqiqotlari uchun mukofot berilishi kerak edi.

Samolyot havoga ko‘tarilganidan ikki soat vaqt o‘tgach, texnik nosozlik tufayli yaqin aeroportga favqulodda qo‘nishiga to‘g‘ri keldi. Shifokor tadbirga vaqtida yetib borolmasligidan xavotirlana boshladi, u darhol ijaraga mashina olib, konferensiya bo‘lib o‘tadigan shahar tomon yo‘l oldi.

Yo‘lga chiqqanidan birmuncha vaqt o‘tib, ob-havo yomonlasha boshladi, kuchli bo‘ron va yomg‘ir tufayli u burilishlarning birida adashdi.

Ikki soatlik samarasiz yurishlardan so‘ng u tadbirga vaqtida yetib borolmasligini aniq anglab yetdi. Nihoyatda och qolgan va charchagan doktor tunash uchun joy izlashga qaror qildi, u eski va kichik bir uyga duch keldi. Chorasizlikdan mashinadan tushdi va eshikni taqillatdi.

Eshikni ayol ochdi. U bo‘lgan voqeani unga aytib berdi va qo‘ng‘iroq qilmoqchi bo‘lib ayolning telefonidan foydalanishni so‘radi. Ayol unga telefoni yo‘qligi, ob-havo yaxshilanmaguncha uning uyiga kirib, o‘tirib turishi mumkinligini aytdi. Holdan toygan, boshqa chorasi qolmagan shifokor ayolning taklifini qabul qilib ichkariga kirdi.

Ayol unga issiq choy va ovqat berdi va agar istasa, o‘zi bilan birga ibodat qilishi mumkinligiga ishora qildi. Doktor Mark esa jilmaydi, u barcha narsaga faqat mehnatsevarlik orqali erishishiga ishonishini aytdi va bu taklifni rad etdi.

Choy ichib turib doktor shamning xira yorug‘ligida beshik yonida ibodat qilib turgan ayolni kuzatdi va uning yordamga muhtojligini tushunib yetdi...

U ibodatini tugatgan ayoldan Xudodan nimani so‘rab iltijo qilganini va karavotchada yotgan bola haqida surishtirdi. Xonim ma’yus jilmayib, beshikdagi bola uning o‘g‘li va u saratonning  kamdan-kam uchraydigan turiga chalingani, faqat bitta shifokor uni davolay olishini, lekin uning oldiga farzandini olib borishga uning puli yo‘qligini, bundan tashqari doktor Mark boshqa shaharda yashashini aytdi. U Xudo hozirgacha uning duolariga javob bermaganini, lekin unga albatta yordam berishini va hech narsa uning e’tiqodini buzmasligiga ishonishini aytdi.

Hayratda qolgan doktor Mark taajjubdan yig‘lab yubordi. U bugun kun davomida boshidan kechirgan barcha narsani  - samolyot nosozligi, yo‘lini to‘sgan kuchli bo‘ron, adashib boshqa tomonga ketib qolib, bu yerga kelib qolganini esladi. Bularning barchasi Xudo nafaqat ayolning ibodatiga javob bergani, balki unga moddiy dunyodan chetga chiqib, iltijodan boshqa hech narsasi yo‘q nochor odamlarga yordam berish imkoniyatini bergani uchun sodir bo‘lganini tushunib yetdi.

Hayotda tasodiflar bo‘lmaydi, deb bejiz aytishmasa kerak. Har doim taqdir siz uchun tayyorlagan in’omlarni qabul qilishga tayyor bo‘ling.

 Internet materiallari asosida B.Muhammadiyeva tayyorladi.