Tashkil etilgan karantin postlarida bo‘ysunmas haydovchilar uchramoqda
Karantin postlarida kunu tun faoliyat olib boryotgan xodimlar o‘z vazifalarini bajarib, karantin bo‘yicha hukumat qarori ijrosini ta’minlashmoqda.
Ammo qonun va qoidalarga nisbatan beparvo bo‘lgan ayrim haydovchilar YPX inspektorlarining faoliyatiga qarshilik ko‘rsatib, o‘zlarini salbiy tomondan ko‘rsatishmoqda.
Haydovchi, 1995 yilda tug‘ilgan, Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi B.M. o‘zining “Matiz" rusumli, davlat raqam belgisi 01 V 517 FB bo‘lgan transport vositasida “Toshkent-Chirchiq-Chimyon” avtomobil yo‘lining 1-kilometrida tashkil etilgan maskanda ko‘pchilik qatori, navbati bilan o‘tish o‘rniga, yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib, orqaga harakatlanib kela boshladi.
YPX inspektori bu holatni bartaraf etish maqsadida hushtak chalib, jezl bilan ishora berib, uni tartibga chaqirishga va to‘xtatishga harakat qildi. Lekin haydovchi to‘xtash o‘rniga mashinasini inspektorning ustiga haydab, YPX inspektorini turtib yubordi.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida matiz haydovchisi to‘xtatildi. YPX inspektoriga hech qanday shikast yetmadi. Haydovchiga nisbatan esa O‘zbekiston Respublikasi Mamuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasiga binoan tegishli tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashina vaqtinchalik jarima maydoniga joylashtirildi.
"Hurmatli yo‘l harakati ishtirokchilari! O‘tkazilayotgan bu tadbirlar vaqtinchalik ekanligini, u kasallikka qarshi kurash doirasida amalga oshirilayotganligini unutmang. YPX xodimi sizga to‘xtash haqida ishora berdimi, uni so‘zsiz bajaring. Chunki maskanlar o‘z-o‘zidan tashkil etilgani yo‘q. U ko‘pchilik manfaatini ko‘zlab, sizu bizning xavfsizligimiz uchun tashkil etilgan. Bu ko‘pga kelgan sinov. Sinovdan qanday o‘tish esa har birimizga, bizning odobimizga, madaniyatimizga va xatti-harakatimizga bog‘liq", deya ogohlikka chaqirilgan O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizmati xabarida.