Tasodifan amalga oshgan va insoniyat taqdirini o‘zgartirgan 5 kashfiyot
Aytishlaricha, D.Mendeleyev kimyoviy elementlar davriy jadvalini tushida ko‘rib tuzgan ekan. Lekin buyuk olim bu haqda birovga aytmagan, qolaversa, jadval ustida uzoq yillar ishlaganini ta’kidlagan. Biroq dunyoni o‘zgartirib yuborgan ba’zi bir kashfiyotlar borki, ular to‘satdan ro‘y bergan va hozirda bizning hayotimizni ushbu “kutilmagan” ixtirolarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
1. Temir-beton
1867 yilda Parijda bo‘lib o‘tgan Butunjahon ko‘rgazmasida fransiyalik bog‘bon Jozef Mone o‘zining o‘simliklar uchun temir tayyoqchalar bilan mustahkamlangan beton naychasini taqdim etdi. Mone Tyuilri oranjereyasida ishlardi va apelsin daraxtlarini parvarish qilardi. Yozda sement quvurlarda turgan o‘simliklar ko‘chaga chiqarilardi. Qishda esa ular issiqxonaga kirgizilar, harorat o‘zgarishi tufayli idishlar yorilib ketardi. Ularni mustahkamlash maqsadida Mone qolipga temir tayoqlarni o‘rnatishni boshladi. Bog‘bon temir va sement bilan o‘xshash tajribalar haqida eshitgan bo‘lishi mumkin. Lekin u mahsulotlarni faqat novdalar bilan emas, balki temir sim bilan mustahkamlashga qaror qildi. O‘z izlanishlari davomida Mone tik chiziq bo‘ylab, ham yotig‘iga o‘rnatilgan simlar mustahkamlikni ta’minlashga erishdi.
2. Nobel mukofoti
1888 yilda Fransiya gazetalarining birida Alfred Nobelning o‘limi bilan bog‘liq “Ajal savdogari o‘ldi” sarlavhali ta’ziyanoma e’lon qilindi. Ushbu qayg‘uli xabar noo‘rin chop etilgan edi. Chunki Kann shahrining shifoxonalaridan birida Alfredning tug‘ishgan akasi Lyudvig Nobel bu dunyo bilan vidolashgandi. Dinamit ixtirochisi ushbu nekrologni o‘qigach, avlodlar xotirasida bir umr “Ajal savdogari” sifatida eslab qolinishini xohlamadi va o‘zining mulkini dunyo bo‘yicha ilm-fan sohasidagi yutuqlarga erishganlarni rag‘batlantiruvchi maxsus fondga vasiyat qilib qoldirdi.
3. Sinmaydigan shisha
1903 yilda fransuz musavviri, yozuvchi, bastakor, olim Eduard Benediktus kimyoviy tajriba o‘tkazayotganda, bexosdan kolbani polga tushirib yubordi. Benediktusni hayratga qoldirib, yupqa buyum shishasi yorildi, ammo sinmadi. Aniqlanishicha, kolbada qolgan nitrotsellyuloza eritmasining qoldiqlari qurib, uni “qoplab olgan” ekan. O‘sha yillar avtomashinalarda oddiy oyna o‘rnatilgan bo‘lib, avariyalardagi siniq parchalari haydovchi va yo‘lovchilarning jarohat olishiga sabab bo‘layotgandi.
Gazetada e’lon qilingan avtohalokatni o‘qigan Benediktus yana bir tajribaga qo‘l urdi va o‘rtasida nitrotsellyuloza qatlamidan iborat ikki tabaqali oyna ishlab chiqardi. Qizdirish natijasida sellyulozani eritib, tabaqlarni bir-biriga mahkam biriktirdi. Hosil bo‘lgan qatlamni olim “tripleks” nomi bilan patentladi va 1919 yilda Genri Ford birinchilardan bo‘lib uning oynasini mashinalariga o‘rnatishni boshladi.
4. Narkoz
1844 yilda kimyogar olim Kolton tajribada oksid azotning ta’sirini sinab ko‘rayotgan jarayonda odamni gangitadigan gaz (azot oksidi) ta’siri ostida bo‘lgan bir talaba oyog‘ini sindirib, og‘riq sezmagani stomatolog Xoras Uellsning e’tiborini tortdi. Uells ushbu tajribani o‘zida qo‘llay boshladi. U chala oksiddan nafas olish jarayonida hamkasbidan o‘zining tishini sug‘urib olishni so‘radi. Og‘riqsiz o‘tgan operatsiyadan so‘ng vrach bemorlarga gaz dozasidan bera boshladi.
Kunlarning birida Uells ushbu gaz ta’sirini omma oldida namoyish qilmoqchi bo‘ldi. Lekin doza kam berilganligi bois bemor og‘riqdan chinqirib yubordi. Tajriba muvaffaqiyatsizlikka uchrab, zalda to‘planganlar Uellsni masxara qilishdi. Ushbu usulni joriy qilish bo‘yicha keyingi urinishlar ham muvaffaqiyatsiz o‘tdi. Boz ustiga, og‘riq sezmaslik uchun o‘sha davrda xlorofor va efir qo‘llanilardi. Sinovlarga dosh bera olmagan Xoras Uells gangitadigan gazdan o‘zi qabul qilib, o‘zining son arteriyasini kesib yuboradi.
Doktor Kolton anesteziya tarixi boshlangan tajribasidan 20 yil o‘tib, og‘riqsizlantirishning Uells uslubi avval Amerikada, keyinchalik Yevropada muvaffaqiyatli joriy qilina boshlandi.
5. Botoks
1987 yilda Vankuverdagi xususiy klinikalarining birida ko‘z doktori (oftalmolog) Djin Karruters bemorga boshqa dorilarga qo‘shib botulotoksin eritmasini in’yeksiya orqali yuboradi. Aslida eritma blefarospazm alomati, ya’ni ko‘zlarning g‘ayriixtiyoriy ravishda yopilib ketmasligiga qarshi qilingan vosita edi.
Birmuncha vaqtdan so‘ng bemor doktorning oldiga kelib, yana bitta in’yeksiya qilishini so‘raydi. Doktor zarurat yo‘qligi to‘g‘risida tushuntirganda, bemor ukoldan keyin uning ko‘zlari tiniqlashib, nigohi yosharganini aytadi.
Doktor Karruters o‘sha klinikada dermatolog bo‘lib ishlaydigan turmush o‘rtog‘i Alister Karrutersga botulotoksinni ajinlarga qarshi “dori” sifatida sinab ko‘rishni taklif qiladi. Djin o‘zi va klinika ma’muri Keyti Suonn botoksni tibbiyot dorisi sifatida emas, balki ajinlarni silliqlash niyatida klinikaning birinchi kasallaridan bo‘lib sinagan.
Sizda ham eshitgan yoki ko‘rgan tasodiflar orqali kelib chiqqan yangiliklar bo‘lsa, biz bilan bo‘lishing!
Bahora MUHAMMADIYEVA tayyorladi.