TATU Samarqand filiali o‘qituvchilarining veb-sayt, dasturiy mahsulotlar bo‘yicha loyihalari e’tirof etildi
Joriy yilning 19-22 noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan mamlakatimizda ilk marotaba “IT Women Uz” loyihasi amalga oshirildi.
Qo‘mita tomonidan iyul-avgust oylarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi bilimlarini oshirishga va ushbu sohada ishga joylashishga ehtiyoji bo‘lgan xotin-qizlarni ko‘proq jalb etish uchun “ITWomenWCU.Uz” sayti loyihasi ishlab chiqilib, unda qatnashishni xohlovchilarni onlayn tarzda ro‘yxatga olish yo‘lga qo‘yildi. Ushbu loyihaga 19 avgust kuni start berildi va unda 160 nafardan ziyod xotin-qizlar qatnashdi.
22 noyabr kuni “IT Women Uz” loyihasida ishtirok etgan xotin-qizlar o‘rtasida “Eng yaxshi mobil ilova”, “Eng yaxshi veb-sayt”, “Eng yaxshi dasturiy mahsulot”, “Eng yaxshi elektron plakat” nominatsiyalari bo‘yicha tanlov o‘tkazildi. Ekspertlar kengashi a’zolari tomonidan nominatsiyalar bo‘yicha eng yaxshi ishlar aniqlandi.
Jumladan, Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali o‘qituvchilari Umida Murtazayeva, Feruza Shakarova, Nazokat Abdullayeva, Dilbar Mahkamova, Saodat Olimjonova, Dildora Dusyorova, Gulyuz Maxmadiyorovalar tomonidan tayyorlangan loyihalar tanlovning “Eng yaxshi veb-sayt”, “Eng yaxshi dasturiy mahsulot” nominatsiyalar bo‘yicha eng yaxshilari, deb topildi.
Joriy yilning 4 dekabr kuni tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkaziladi va g‘oliblikni qo‘lga kiritgan dasturchi xotin-qizlar diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilish istagida bo‘lgan “IT Women Uz” loyihasida ishtirok etgan xotin-qizlarga kredit mablag‘lari ajratiladi.
Ma’lumot o‘rnida, ayni paytda mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida 28 ming 323 nafar dasturchi faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ularning 8 ming 383 nafarini (29,5 %) xotin-qizlar tashkil etadi.
Abdug‘afur HOTAMOV.