Telefon va diktofonsiz jurnalist kimga kerak?

Keyingi kunlarda bir qator xalqaro konferensiyalarda qatnashishimizga to‘g‘ri keldi. Albatta, ushbu tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida yoritish uchun taklif qilishdi (ha, taklif qilishdi, o‘zimizcha borganimiz yo‘q). Ammo konferensiya o‘tkaziladigan binoga kirishda telefon, diktofon, fleshkalarni qoldirish talabini qo‘yishdi.

Jurnalistmiz, telefon, diktofonsiz bu tadbirga kirishimizning ma’nisi yo‘q, desak eshik oldidagilar “bizga shunaqa topshiriq bo‘lgan, bu yer rejimniy ob’yekt, mumkin emas”, deb turib olishdi.

Noiloj, tadbirga ruchka va yon daftar bilan kirishga majbur bo‘ldik. Ommaviy axborot vositalaridan tezkorlik talab qilinayotgan XXI asrda ana shu holatda tadbirni yoritishimizga to‘g‘ri keldi.

Ammo ichkariga kirganimizdan so‘ng ko‘rdik – “ rejimniy ob’yekt”da xorijlik mehmonlarda ham, o‘zimizning “katta”larda ham qo‘l telefoni bor va ular bu vositalardan bemalol foydalanishardi. Hayron bo‘ldik, cheklov faqat o‘zimiznikilar, mahalliy juranalistlar uchunmidi? Kim o‘ylab topadi bunaqa “tartib”larni?

Tushunamiz, uyali aloqa vositalari va boshqa texnik uskunalardan foydalanish mumkin bo‘lmagan ob’yektlar, binolar bor. Yoki ayrim inshootlarga kirishda telefondan foydalanish uchun belgilangan tartibda ruxsat olish zarur. Lekin bizni tadbirga taklif qilishganida “o‘zingiz bilan qanday texnik vositalar olib kelasiz, biz qayd etib qo‘yishimiz kerak”, deb so‘rashmagan edi.

Texnik vositalardan foydalanish mumkin emas ekan, nima uchun bu joylarda tadbir uyushtirishadi, nega jurnalistlarni taklif etishadi?