Test sinovlari nazoratchilariga bir kunlik mehnati uchun qancha to‘lanadi?

Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davlat test markazi boshqarma boshlig‘i Diyorbek Qo‘chqorov ishtirokida test sinovlari to‘g‘risida navbatdagi hisobot brifingi bo‘lib o‘tdi.

Ma’lum qilinishicha, 2 avgust kuni tezkor olingan ma’lumotlarga ko‘ra, test sinovlariga bir smenada jami 35 ming 670 nafar abituriyent ishtirok etishi belgilangan. Shundan 963 nafar abituriyent turli sabablarga ko‘ra test sinovlariga kelmagan. 12 nafar abituriyent hududga kirish joyida qoidani buzganligi uchun test sinovlariga kiritilmagan.

Brifingda jurnalistlar tomonidan nazoratchilarning kelmay qolish holati ham bo‘lmay qoladimi, shunday vaziyatlarda qanday chora ko‘rilishi haqida savol berildi.

“Ha. Albatta. Test sinovlariga nazoratchilarning ham ayrim sabablarga ko‘ra ishtirok etmaslik holatlari kuzatiladi. Masalan, bugun 2622 nafar ishtirok etishi belgilangan nazoratchilardan 41 nafari kelmagan. Biz nazoratchilar ishtirokini belgilanganda turli vaziyatlarni inobatga olib zaxiradagi nazoratchilarni ham hisobga olganmiz. Nazoratchilar kelmay qolganda ularga kunlik belgilangan 200 ming so‘m to‘lanmaydi. Boshqa kunlar test sinovlariga ishtirok etganda shu kun uchun to‘lovlar beriladi”, - dedi boshqarma boshlig‘i Diyorbek Qo‘chqorov.

Eslatib o‘tamiz, kecha 1 avgust holatiga ko‘ra bakalavr yo‘nalishida kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha eng yuqori ball Navoiy davlat pedagogika institutining matematika o‘qitish metodikasi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha – 179,4 ball to‘plangan; sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha – Andijon davlat universitetining informatika o‘qitish metodikasi ta’lim yo‘nalishida – 133,4 ball; kechki ta’lim shakli bo‘yicha O‘zbekiston Milliy universitetining amaliy matematika va informatika ta’lim yo‘nalishi – 131,3 ball to‘plagan.