Texnika xarid qilgan fermer davlat tomonidan moliyaviy yordam oladi
Prezidentimizning 2019 yil 4 apreldagi “Agrar sektorni qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan o‘z vaqtida ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chaqaruvchilarni sifatli texnika bilan ta’minlash davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi va tijorat banklarining mablag‘lari jalb etiladi.
G‘alla o‘rish va paxta terish texnikalarini yetkazib berish Moliya vazirligi huzuridagi qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasining 50 foizidan oshmagan miqdorida, 7 yildan 10 yilgacha muddatga beriladi.
Respublikamizda ishlab chiqarilgan barcha turdagi traktorlar, g‘alla va paxta ekish seyalkalari, shuningdek, omochlar xarid qilish uchun kredit va lizing shartnomalari bo‘yicha foiz xarajatlari tijorat banklari va lizing kompaniyalari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 10 foizlik miqdorida Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
2019 yilda eksperiment tariqasida Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida terimga jalb qilinadigan paxta terish mashinalari xizmatidan foydalanganlik uchun xarajatlarning 30 foizi Moliya vazirligi tomonidan qoplab beriladi.
AT “Xalq banki” va “Mikrokreditbank” ATBning ustav kapitaliga yo‘naltirilgan mablag‘ning 30 foizini 2019 yilda mahalliy qishloq xo‘jaligi texnikalarini xarid qilish uchun kredit ajratishga yo‘naltiriladi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning qishloq xo‘jaligi texnikalarini sotishdan tushgan mablag‘lar 2020 yil 1 yanvarga qadar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etildi.
“O‘zagrotexsanoatxolding” AJning 10 ta xo‘jalik jamiyatlari ustav kapitalidagi ulushlari korxonalarning asosiy faoliyati saqlab qolingan holda sotiladi.
Qishloq xo‘jaligi texnikalari uchun butlovchi va ehtiyot qismlarni ishlab chiqarishni kengaytirish hamda 2021 yil yakunigacha mahalliylashtirishni 40 foizga yetkazish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi.