Tez o‘suvchi yog‘ochbop daraxtlar ekilgan yer maydonlari yer solig‘idan ozod etildi

Yog‘och qirindili plitalar va ularning muqobil turlarini ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Hukumat qarori (297-son, 11.04.2019) qabul qilindi.

Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot telegram kanali xabar berayapti.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida 88 ming 123 gektar qamishzor maydoni bo‘lib, 475 ming 864 tonna qamish yetishtiriladi.

Qarorga muvofiq, mazkur hududlardagi kichik sanoat zonalarida yog‘och qirindili plitalar va ularning muqobil turlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar tashkil etiladi.

Bunda qamishlarning o‘rib olinishi natijasida atrof-muhitga, hayvonot olamiga, ko‘chib yuruvchi qushlarga zarar yetkazmaydigan tarzdagi sanoat usulida foydalanilishi mumkin bo‘lgan qamishzorlar maydonlari reyestri shakllantiriladi.

Mazkur qamishzorlar reyestri asosida yog‘och qirindili plitalar va ularning muqobil turlarini ishlab chiqarish uchun investorlar jalb etiladi.

Qarorga ko‘ra, respublikada 2019 yilda 60 ming kub.m, 2020 yilda 190 ming kub.m hamda 2021 yilda 330 ming kub.m yog‘och qirindili plitalar (DSP) va ularning muqobil turlari ishlab chiqariladi.

2022 yil 1 yanvargacha yog‘och qirindili plitalar va uning muqobil turlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar olib kiradigan xom ashyo, asbob-uskunalar, ularning butlovchi hamda ehtiyot qismlari bojxona to‘lovlaridan ozod etildi.

Viloyat hokimlariga tadbirkorlarga terak va pavloniya ekish uchun ball boniteti past yerlarni ajratish vazifasi yuklandi.

Yog‘ochbop daraxtlar plantatsiyalarini tashkil etgan tadbirkorlar 2022 yil 1 yanvargacha terak, pavlovniya va boshqa tez o‘suvchi yog‘ochbop daraxtlar ekilgan yer maydonlari uchun yer solig‘i to‘lamaydi.

Qonunchilikka muvofiq, yog‘och-payraxa plitalar va yog‘ochdan yasalgan shunga o‘xshash plitalar yoki qatron yoki boshqa organik bog‘lovchi moddalar shimdirilgan yoki shimdirilmagan boshqa yog‘ochsimon materiallarni olib kiruvchi yuridik shaxslar import bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etilgan edi.  2019 yil 1 maydan mazkur imtiyoz bekor qilindi.