“Tez yordam” nega ba’zi hollarda kechikishi mumkin?

SSV axborot xizmatining ma’lum qilishicha, joriy yilning 11 oyi davomida umumiy murojaatlarning 2,3 foiz holatlarda chaqiriqqa kechikib kelish holatlari yuz bergan. To‘g‘ri, bu foiz o‘tgan yillardagi ko‘rsatkichlardan ancha past. Ammo “103” xizmati xodimlar va ixtisoslashgan avtotransport vositalari bilan to‘liq ta’minlangan bo‘lsa, unda nega ba’zi hollarda tez yordam kechikadi, degan haqli savol tug‘ilishi tabiiy.

Mutaxassislarning fikricha, bunga bir tomondan murojaatlar soni ko‘pligi bo‘lsa, ikkinchi tomondan aksariyat holatlarda yo‘llarda “tez yordam” mashinasiga yo‘l berilmaslik, asossiz va yolg‘on chaqiriqlar bilan bog‘liq  holatlar sabab bo‘lmoqda. Birgina, joriy yilning 11 oyi davomida ushbu xizmatga 94 mingdan oshiq shoshilinch bo‘lmagan holatlardagi murojaatlar, 133 mingga yaqin natijasiz chaqiriqlar hamda surunkali kasalliklari bo‘lgan bemorlardan 832 mingga yaqin qo‘ng‘iroqlar kelib tushgan.

Taraqqiy etgan xorijiy davlatlarda yo‘llarda “tez yordam” mashinalari uchun alohida yo‘laklar barpo etilgan. Bu yo‘llar doimo ochiq turadi. Shu bilan birga, “tez yordam”ga yo‘l bo‘shatib berish bo‘yicha haydovchilarda shaxsiy mas’uliyat juda yuqori.

Mamlakatimizda keyingi yillarda bunyodkorlik ishlari jarayonida bu masalalarga alohida e’tibor qaratilayotgani quvonarli hol, albatta. Ammo qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ham talaygina.

Chunki, yo‘llarimizda “tez yordam” mashinasiga yo‘l bermaslik holatlari hali ham tez-tez uchramoqda. Qachonki, mashina chaqiruv signalini yoqsagina, yo‘l bo‘shatilishi mumkin.

Afsuski, chaqiruv signaliga parvo qilmaydiganlar ham yo‘q emas. Holbuki, bu hayotda hech bir inson tasodifiy baxtsiz hodisalardan, sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammo yuz berishidan kafolatlanmagan.