Tibbiyot xodimlariga 1,2 milliard so‘m rag‘batlantirish pullari to‘lanishida kechikishga yo‘l qo‘ygan xodim ishdan olindi

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi tomonidan tibbiyot xodimlariga rag‘batlantirish pullari uchun talabnoma yuborilgan bo‘lsa-da, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi o‘rnatilgan tartibda tibbiyot xodimlari ro‘yxatini tasdiqlab, mablag‘ ajratishga talabnomani viloyat moliya bosh boshqarmasiga taqdim etilmaganligi haqidagi xabar tarqaldi.

Xabarda Moliya vazirligi Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan joriy yilning 15-18 may kunlari koronovirus bilan kasallangan bemorlar davolanayotgan sog‘liqni saqlash muassasalari va bu jarayonda ishtirok etayotgan boshqa muassasalarda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida yuqoridagi holat oqibatida viloyatda 61 nafar tibbiyot xodimlariga 1,2 milliard so‘m rag‘batlantirish pullari to‘lanishida kechikish aniqlanganligi aytiladi.

Mazkur xabar yuzasidan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qiladi.

Joriy yilning 1 mayida viloyatda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida tizimda ish unumdorligini yanada oshirish hamda xodimlar tomonidan ichki mehnat tartib-qoidalariga to‘liq rioya etish masalasiga qaratilgan navbatdagi ijro apparati yig‘ilishi bayonida belgilangan topshiriqlarga binoan inqirozga qarshi tashkil etilgan jamg‘armadan berilayotgan 6 foizlik qo‘shimcha mablag‘ hamda karantinga biriktirilgan xodimlarning ish haqlari, shtatlarning to‘g‘ri taqsimlanishiga, shuningdek, ularning hisob-kitobini yuritish ishlari boshqarmaning bosh iqtisodchisi S.Islamov zimmasiga yuklatilgan.

Tibbiyot xodimlariga mablag‘ ajratish uchun moliya bosh boshqarmasiga taqdim etiladigan talabnomani o‘rnatilgan tartibda, o‘z vaqtida taqdim etmaganligi aniqlanganligi sababli viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining bosh mutaxassisi (iqtisodchisi) S.Islamov o‘z vazifasidan ozod etilganligini ma’lum qilamiz.

Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati.