TIV Eronda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga murojaat bilan chiqdi

Eron hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari hamda ularning qarindoshlari va yaqinlari diqqatiga.

2020 yil 1 martdan boshlab Tehron shahridagi O‘zbekiston Elchixonasi huzurida ishchi guruh tuzilgan bo‘lib, u Eronda COVID-19 koronavirusining tarqalishi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqarorlashguniga qadar tunu kun faoliyat yuritadi.

Elchixona ma’lum qilishicha, hozirgi paytda 50 ga yaqin hamyurtlarimiz turli sabablarga ko‘ra Eronda bo‘lib turibdi. Ertalab, 6 mart holatiga ular orasida koronavirus bilan kasallanganlar qayd etilmagan.

Elchixona Eron tomonining vakolatli organlari bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi. Ishchi guruh a’zolari uchrashuvlar, tushuntirish ishlari olib bormoqda. Shuningdek, vatandoshlarga konsullik huquqiy va boshqa masalalarni hal qilishda yordam bermoqda.

Elchixona rasmiy veb-sayti va “Telegram” messenjerida tashkil etilgan maxsus guruh orqali O‘zbekiston fuqarolariga Eron hukumati o‘rnatgan me’yor va qoidalarga, ehtiyotkorlik sanitariya choralariga qat’iy rioya qilishlarini, vatanga qaytish yoki boshqa bir qarorga kelishdan oldin xotirjamlik va ehtiyotkorlik bilan xulosa chiqarishni tavsiya etadi.

Shuni yodda tutish joizki, Erondan Toshkentga qaytgach, O‘zbekiston fuqarolari maxsus tayyorlangan joyda 14 kun davomida karantinda bo‘ladilar.