TIV Janubiy Koreyadagi fuqarolarga murojaat bilan chiqdi
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Koreya hududida bo‘lib turgan va ushbu davlatga borishni rejalashtirayotgan fuqarolarga murojaat qildi.
Ta’kidlanishicha, COVID-19 koronavirusning O‘zbekiston hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida Transport vazirligi Koreya aviatsiya idoralari va kompaniyalarini 2020 yilning 1 mart kunidan boshlab ikki mamlakat o‘rtasidagi aviaqatnovlarda vaqtinchalik cheklash choralari joriy qilinishi to‘g‘risida rasman xabardor qilgan.
“Aviaqatnovlar soni haftasiga 1 ta reysgacha qisqartiriladi. Janubiy Koreyadan O‘zbekistonga keluvchi yo‘lovchilar uchib kelishlari bilan 14 kun davomida karantinda bo‘lib turadilar”, deyilgan xabarda.
Ma’lum qilinishicha, koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyatning barqarorlashishi bilan ikki davlat o‘rtasidagi aviareyslar soni qayta tiklanadi.
TIV so‘nggi kunlar davomida koronavirusning tarqalishi bilan bog‘liq holat og‘irlashayotgan Koreyada bo‘lib turgan mamlakat fuqarolariga zarur holatlarda quyidagi raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tgan:
- O‘zbekistonning Koreyadagi elchixonasi: (+82) 2 574-65-54, (+82) 2 577-36-60;
- Uzbekistan Airways AJ vakolatxonasi (aviachiptalar masalalari bo‘yicha): (+82) 10 8718-6850 (Ayubxon Abdullayev);
- O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Kvandju shahridagi vakolatxonasi (mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha): (+82) 10 8495-0027 (Odiljon Karimov).