Tojikistonda voyaga yetmagan 2,5 ming nafar qizning turmushga chiqishiga ruxsat berildi
O‘tgan yili Tojikiston sudlari 2,5 ming nafar voyaga yetmagan qizlar bilan nikoh tuzilishiga ruxsat berdi. Ko‘rinib turibdiki, har kuni o‘rtacha 6-7 nafar 18 yoshga yetmagan qiz turmushga chiqmoqda. Bu ma’lumotlarni o‘tgan haftada Ombudsmen idorasi Tojikiston Oliy sudi statistikasiga asoslangan holda e’lon qildi.
Mamlakat qonunlariga ko‘ra, nikoh yoshi 18 yosh deya belgilangan. Biroq, istisno tariqasida, masalan erta homiladorlik yoki ota-onalarning og‘ir kasalligi tufayli sud qarori bilan 17 yoshda nikohdan o‘tishga ruxsat beriladi.
Tojikistonda 2010 yili respublika Oila kodeksiga qo‘shimcha kiritildi, unga ko‘ra, qizlar uchun nikoh yoshi 17 yoshdan 18 yoshga uzaytirildi. Biroq erta va majburiy nikoh hamon tojik jamiyatida muammoligicha qolmoqda, so‘nggi vaqtlarda esa sovchilar 17 yoshdan katta bo‘lmagan qizlarni qidirishmoqda.
Mamlakat huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili voyaga yetmagan qizlar bilan noqonuniy nikohdan o‘tish bilan bog‘liq 29 ta fakt fosh qilingan.