«Tolibon» harakati O‘zbekiston va Tojikiston chegarasiga tahdid solyaptimi?

«TASS» xabar berishicha, Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili, Tashqi ishlar vazirligining ikkinchi Osiyo departamenti direktori Zamir Qobulov «Tolibon» harakati Tojikiston va O‘zbekiston chegaralarini kesib o‘tmaganini aytdi.

Z.Qobulovning ma’lum qilishicha, «Tolibon» Tojikiston yoki O‘zbekiston chegaralarini kesib o‘tgani yoki hatto bunga urinib ko‘rgani haqida dalil yo‘q. Biroq harakat a’zolarining ta’qibi sababli kamida 1600 afg‘on askari Tojikistonga qochib o‘tgan.

Diplomat afg‘on kuchlari Panj daryosidan o‘tib, Tojikiston hududidan «Tolibon» harakatiga qarshi otishma sodir etgani, o‘z navbatida,  «Tolibon» harakati o‘z rahbariyatidan Tojikiston chegarasida o‘t ochmaslik to‘g‘risida buyruq olganini aytgan.

«Keyinchalik, chegaraning boshqa qismida bu afg‘on harbiylari Afg‘oniston hududiga qaytdi va ularning ba’zilari "Tolibon" otryadlariga hujum qildi», degan Qobulov va Markaziy Osiyodagi ittifoqchilar «Tolibon»ni «ichki tortishuvlar bilan mashg‘ul» ekaniga guvoh bo‘layotganini aytgan.

«Tolibonlar shunchaki hukumat kuchlaridan hududlarni nazorat qilishni oladi va ular so‘nggi yetti yil davomida bizga aytib kelganidek, qo‘shni davlatlarga qiziqmaydi», deya xulosa qilgan Putinning Afg‘onistondagi maxsus vakili.