To‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalar uchun 400 million so‘mlik Ta’lim granti e’lon qilindi

O‘zbekistonda ilk marotaba talabalar uchun ta’lim grantlari hamda stipendiyalar e’lon qilishga mo‘ljallangan www.metsenat.uz loyihasi ishga tushdi.

Bir guruh jamoatchilik faollarining tashabbusi bilan tashkil qilingan ushbu loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad yurtimizdagi metsenatlarni jalb qilgan holda ehtiyojmand hamda iqtidorli talabalarning to‘lov-kontraktini to‘lashga yordam berish, shuningdek, stipendiyalar e’lon qilishdan iborat.

Loyiha muallifi Xushnudbek Xudayberdiyevning ta’kidlashicha, Metsenat.uz ijtimoiy loyiha bo‘lib, bundan hech qanday tijoriy maqsad ko‘zlanmagan.

Saytning ishlash prinsipi juda oddiy: saytda talabalar ro‘yxatdan o‘tib, o‘zlari haqidagi ma’lumotlarni kiritadi hamda metsenatlar tomonidan e’lon qilingan grant yoki stipendiyalarga onlayn ariza topshiradi.

Loyiha ishga tushgach, shu kunning o‘zidayoq ilk metsenatlar saytda talabalar uchun grantini joylashtirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda “Mehrli qo‘llar” xayriya fondi tomonidan to‘lov shartnoma mablag‘larini to‘lashga muhtoj talabalar uchun 400 million so‘mlik ta’lim granti dasturini e’lon qildi.

Bunda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan OTMlarda (chet el oliy ta’lim muassasalarining O‘zbekistondagi filiallari bundan mustasno) kunduzgi ta’lim (bakalavr bosqichi)da to‘lov-shartnoma asosida ta’lim olayotgan (super kontrakt bundan mustasno) chin yetim, nogiron, ota-onasi (har ikkalasi) ota-onalik huquqidan mahrum etilgan, Mehribonlik uyida tarbiyalangan, boquvchisini yo‘qotgan va 30 yoshdan oshmagan talabalar qatnasha oladi.

G‘olib bo‘lgan talabalarning 2020/2021 o‘quv yili uchun stipendiyasiz hisoblangan to‘lov-shartnoma mablag‘ining 50 foizigacha bo‘lgan qismi homiylik mablag‘lari hisobidan to‘lab beriladi.

Grantda ishtirok etish uchun arizalar 10 dekabrgacha metsenat.uz sayti orqali qabul qilinadi.

G‘oliblarni Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, “Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi” NNT, blogerlar, jamoatchilik vakillaridan iborat Ekspertlar kengashi aniqlab beradi.