Tomorqadan yaxshi daromad olishni nisbotliklar ham isbotladi
Urgut tumanida uddaburon tadbirkorlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ular nafaqat ishlab chiqarish yoki savdo-sotiqning, balki dehqonchilikning ham ustasi ekan.
Tumanning Nisbot mahallasida 497 xonadon egalariga qarashli 109 gektar tomorqa yer maydoni mavjud.
- Bundan 3-4 yil avval qishloqdoshlarimiz ham issiqxonaga qiziqa boshlagandi, - deydi mahalla raisi Zayniddin Suvonov. – Avvaliga bu yumush ko‘pchilikka qiyin tuyuldi. Ammo bitta-ikkita issiqxona tashkil qilinib, ulardan yaxshi daromad kelishini bilgan tomorqa yer egalari asta-sekin shu ish bilan shug‘ullana boshladi. Bugunga kelib mahallamizda 40 dan ziyod issiqxona bor.
Mahalladagi Burxon Sattorov tomorqasida ro‘zg‘or uchun zarur bo‘lgan sabzavotu mevalar yetishtiriladi.
- Bozordan faqat go‘sht va yog‘ sotib olamiz, - deydi xonadon sohibasi Dilorom Suyunova. - 3 sotix issiqxonada limon va mandarin ko‘chati parvarishlayapmiz. Ular hosilga kirgunga qadar qator orasiga pomidor ekib kelyapmiz. Pomidorning o‘zidan yiliga kamida 6-7 million so‘m daromad qilamiz. Issiqxonadagi pomidorni parvarish qilish jarayonida ortiqcha ko‘sakli shoxchalarni yulib tashlab yubormaymiz. Tomirlatib, ko‘chat qilib ochiq yerda o‘tqazamiz. Shuningdek, ochiq maydondagi 50 tup olma daraxti ham ikki yildan beri hosil bera boshladi. O‘tgan yili 700 kilogramm olma terib oldik.
Aynan Nisbot mahallasidagi tomorqa egalari urgutliklar uchun yangilik bo‘lgan qulupnay yetishtirib ham mo‘may daromad qilish mumkinligini isbotladi.
- 10 yildan beri qulupnay yetishtirish bilan shug‘ullanyapmiz, - deydi Sayyora Turdiyeva. – Avvaliga bir sotix yerga qulupnay ekkandik. Sekin-sekin ko‘chat qilib ko‘paytirdik va hozir tomorqamizning 6 sotixini qulupnay egallagan. Birgina o‘tgan yili 4 sotix yerdan 2 tonnanadan ziyod hosil oldik.
Urgutliklar aslida ishbilarmon emasmi, innovatsion usullardan foydalanib tomorqalardan ham mo‘may daromad qilishning uddasidan chiqishmoqda.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV.