To‘rt oyoqda yuradigan odamlar
Turkiyaning chekka bir burchagida juda g‘ayrioddiy oila yashaydi, uning besh a’zosi to‘rt oyoqda harakatlanishi tufayli dunyo e’tiboriga tushgan. Besh aka-uka va opa-singillar bolalikdan harakat qilish uchun “oldingi” va “keyingi” oyoqlaridan foydalanib yuradi. Bu qandaydir ahmoqlik yoki biroz cho‘zilgan hazil emas va eng muhimi, ular boshqacha yurishni bilmaydi. Qiziq, bunday g‘alati “yurish” ning sababi nimada ekan?
Shuni ta’kidlash kerakki, o‘ziga xos xususiyati tufayli bu oila butun dunyo olimlari o‘rtasidagi qizg‘in munozaralar sababchisi bo‘ldi. Ba’zilar, bu oila ortidan nom qozonishga harakat qilib, to‘rt oyoqlab yuradigan odamlar “evolyusiyaning teskari avlodi”ni ifodalaydi, deb aytayotgan bo‘lsa, boshqalari ularni nogiron deb ataydi.
Bunday yurish inson bir paytlar qanday qilib tik bo‘lib qolganligi jumbog‘ini ochishga ko‘mak berishiga amin bo‘lgan bir guruh olimlar oila DNKsida inson evolyusiyasi bilan bog‘liq ko‘plab savollarga javob bera oladigan gen mavjudligi taxminini olg‘a surdi. Boshqalari to‘rt oyoqda harakatlanish odati genetik xususiyatga emas, balki atrof-muhitga bog‘liq ekanligini ta’kidlashadi. Nima bo‘lganda ham, kunlarning birida qardoshlar ikki oyoqda yurishni xohlamay qo‘yishdi.
Ularning yurish-turishlarini sinchiklab o‘rganib chiqqan olimlar, to‘rt oyoqda yurishning sababi kamdan-kam uchraydigan genetik kasallik - Uner Tan sindromi (oila 2005 yilda Turkiyada Adana universiteti tibbiyot fakulteti o‘qituvchisi turk nevrologi tomonidan kashf etilgan) degan xulosaga kelishdi. Ushbu nazariyadan ma’lum bo‘ladiki, agar tanlash huquqi berilganda, oila a’zolari o‘zi uchun bunday taqdirni tanlamagan bo‘lardi.
To‘g‘ri yura olmaslikdan tashqari, Uner Tan sindromi bilan og‘rigan odamlarda nutq muammolari va aqliy zaiflik ham mavjud. Gap shundaki, kasallik tanadagi tana holati va muvozanatini saqlashda ishtirok etadigan kichik miyaga ta’sir ko‘rsatar ekan.
Ammo nega katta oilaning 19 a’zosidan faqat besh nafari sayyoradagi eng kam uchraydigan kasallikni “meros” sifatida olgan? O‘rganishni davom ettirgan olimlar, bu genetik og‘ish Hatay viloyatidan bo‘lgan kurdlarning bir biriga yaqin qarindosh bo‘la turib, turmush qurganligining natijasi degan xulosaga kelishdi.
Aytish kerakki, g‘ayrioddiy turk oilasi nafaqat jahon ilmiy jamoatchiligi, balki ko‘ngillilarning ham e’tiborini tortdi. Ko‘ngillilar o‘z oldiga oilaga har qanday holatda ham to‘g‘ri yurishni o‘rgatish vazifasini qo‘ydi. Ular oila istiqomat qiladigan qishloqqa odatda vaqtincha harakat qobiliyatini yo‘qotgan odamlarni reabilitatsiya qilishda foydalaniladigan maxsus tutqichlar va trenajyorlar olib kelib o‘rnatishdi va hatto muvaffaqiyatga erisha boshladilar.
Aytgancha, turkiyalik oila Uner Tan sindromining yagona egalari emas. Dunyoda to‘rt oyoqlab yuradigan yana ko‘p odamlar bor: ularni Bolgariya, Xitoy va Iroqda topish mumkin.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.