Toshkent aeroportida bojxonachilar qalbaki 60 ming AQSh dollarini fosh etishdi
Toshkent xalqaro aeroportiga xorijdan uchib kelgan va yashil yo‘lak orqali harakatlangan fuqaro M.A.ning bezovtalanishi bojxonachilar e’tiborini tortdi hamda ushbu shaxsning yuklari bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.
Shundan so‘ng unga tegishli sumka nazorat-rentgen uskunasi orqali ko‘zdan kechirilganida, sumka ichidagi karton qog‘ozlarning ekrandagi tasviri shubhali tus oldi. Karton qog‘ozlar ochib ko‘rilganda, ularning ichiga 60 ming dollar yashirib joylashtirilganligi aniqlandi. Bu haqda DBQ matbuot xizmati xabar berdi.
Yo‘lovchi deklaratsiyada va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ma’lum qilinmagan ushbu pullar bojxona nazoratidan yashirincha olib o‘tishda to‘xtatib qolingan.
Bir qarashda haqiqiydek tuyulgan kupyuralarning barchasi qalbaki bo‘lib, buni qalbaki kupyuralarni aniqlashga ixtisoslashgan valyuta detektori ham tasdiqladi. Qizig‘i shundaki, kupyuralarning seriya raqamlari bir xil bo‘lib, ularning barchasi qalbaki ekanligi fosh bo‘ldi.
Soxta dollarlar ashyoviy dalil sifatida olinib, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Jinoyat kodeksining 176-moddasiga binoan qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.