Toshkent aeroportida tez yordam mashinasiga yo‘l berilmagani oqibatida bemor vafot etdi
Hayot sinov va tasodiflardan xoli emas. Kutilmaganda ro‘y beradigan baxtsiz hodisalar, favqulodda holatlar yoki kasalliklar xuruj qilganda har qanday inson shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bo‘ladi.
Toshkent aeroportida o‘z vaqtida tez yordam ko‘rsatilmagani bois bemor vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 11 sentyabr kuni ertalab soat 07:25da Toshkent xalqaro aeroportidan Call markazga 60 yoshli kishining sog‘lig‘i yomonlashib, hushidan ketgani haqida chaqiriq tushadi. Bu ma’lumot zudlik bilan Yakkasaroy tumanidagi 10-bo‘limga yetkazilgan. Oradan 1 daqiqa o‘tib, ya’ni, soat 07:26 da “Tez yordam” brigadasi chaqiriq joyiga otlanadi. Biroq Yakkasaroy to‘yxonasi yonidagi yo‘l tiqilinch bo‘lgani sababli “Tez yordam” 5-6 daqiqa turib qoladi. «Tez yordam» mashinasining chirog‘i yonib, chaqiriq signali yangrab tursa-da, mashinaga yo‘l berilmagan.
Tez yordam manzilga yetib borganida aeroport shifokorlari bemorga tibbiy yordam ko‘rsatayotgan ekan. Tez yordam shifokorlari ham darhol ishga kirishadi. Bemorda o‘pka-yurak reanimatsiyasi muolajalari o‘tkaziladi. Ammo ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan bemor vafot etadi.
“Bunga aksariyat holatda yo‘llarda tez tibbiy yordam mashinasiga yo‘l berilmaslik ham sabab bo‘lmoqda. Taraqqiy etgan xorijiy davlatlarda tez yordamga yo‘l bo‘shatib berish bo‘yicha haydovchilarda shaxsiy mas’uliyat juda yuqori. Biz esa yo‘llarda ko‘pincha buning aksiga guvoh bo‘lamiz. Mashina chaqiruv signalini yoqib tursa-da, bunga parvo qilmaydigan haydovchilar ham yo‘q emas”, deydi shoshilinch va tez tibbiy yordam masalalari bo‘yicha mahalliy koordinator Obidjon Dilmurodov.
Sog‘liqni saqlash vazirligi bu kabi holatlarning oldini olish uchun haydovchilarni tez yordam mashinasiga yo‘l berishga chaqirgan.