Toshkent shahar IIBB xodimning xunuk qilg‘iligi uchun uzr so‘radi: xodim “Kaptiva”ning orqa eshigi va old chap qanotini ataylab qirib o‘tdi

Kecha, 19 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar organlari xizmat kiyimida bo‘lgan kishi “Kaptiva” rusumli avtomobilning orqa eshigi va old chap qanotini bir buyum bilan timdalagani aks etgan video tarqalgan edi.

Tekshiruvda aniq bo‘lishicha, ushbu holat 17-iyun kuni taxminan soat 8:10 da sodir bo‘lgan. Yashnobod tumani IIO FMB xodimi D.S., o‘ziga tegishli “Matiz” rusumli avtomobilda xizmatga ketmoqchi bo‘lgan vaqtda “Kaptiva” rusumli avtomobil sababli yo‘lga chiqa olmagan. Xodimning izohiga ko‘ra, “Kaptiva” avtomobili haydovchisi E.B. ilgari ham mashinasini atrofdagilarning yo‘lini to‘sgan holda qoldirib, tanbehlarga e’tibor bermas ekan. IIO xodimiga nisbatan xizmat tekshiruvi olib borilmoqda. Zararni qoplash bo‘yicha choralar ko‘riladi.

Toshkent shahar IIBB xodimning xunuk qilg‘iligi uchun uzr so‘raydi.

"Hurmatli haydovchilar! Sizdan o‘zgalarni hurmat qilishni va avtomobilingizni birovga xalal bermaydigan holda qoldirishingizni so‘raymiz, ayniqsa ko‘p qavatli uylar yaqini yoki mahallalar ko‘chalarida", - deya ogohlantirgan Toshkent IIBB.