To‘xtatilgan yurakda jarrohlik amaliyoti bajarildi
Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida tug‘ma yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan ikki nafar bemorning yuragi ilk bor ochiq turda muvaffaqiyatli operatsiya qilindi.
– Mamlakatimizda keyingi yillarda tibbiyot sohasiga qaratilgan alohida e’tibor natijasida 2018 yil aprel oyida markazimizda bolalar kardioxirurgiyasi bo‘limi ochilgan edi, – deydi viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh vrachi Mamatqul Azizov. – Bo‘limga Moskvadagi A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir xirurgiyasi ilmiy markazida faoliyat ko‘rsatayotgan uch nafar yurtdoshimizni ishga taklif etdik. Shuningdek, yana uch nafar xodimimiz xorijda mazkur soha bo‘yicha o‘qib, malaka oshirib keldi. Natijada o‘tgan yil mutaxassislarimiz tomonidan viloyatimiz bo‘yicha tug‘ma yurak nuqsoni bor bemorlar ro‘yxatga olinib, ularning 82 nafarida yurakda yopiq kardiojarrohlik operatsiyalari o‘tkazildi.
Bo‘lim moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va bu yerda murakkab jarrohlik amaliyotlarini bajarish uchun zamonaviy sharoit, imkoniyatlar yaratish maqsadida Respublika sog‘liqni saqlash vazirligi va viloyat hokimligi tomonidan amaliy yordam ko‘rsatildi. Jumladan, vazirlik ko‘magida 8 turdagi tibbiy asbob-uskunalar keltirildi. Viloyat hokimligi tomonidan ajratilgan 1 milliard 900 million so‘m mablag‘ evaziga sun’iy qon aylantirish apparati olib kelib o‘rnatildi.
Mazkur yangi uskuna yordamida yurakni to‘xtatgan holda murakkab jarrohlik amaliyotlari A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir xirurgiyasi ilmiy markazida ishlab tajriba orttirgan va ayni paytda viloyatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan tibbiyot fanlari nomzodlari Maqsud Saidov va Ikrom Mallayev rahbarligida amalga oshirildi. Bo‘lmachalararo to‘siq nuqsoni va qorinchalararo to‘siq nuqsoni bo‘lgan ikki turdagi yurak porogi operatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tdi.
Yaqin kunlarda bo‘limda yana o‘n nafar bemor bolalarda ushbu noyob jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
D.To‘xtayev.