To‘y-hashamlarni tartibga solish bo‘yicha qaror kuchga kirdi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi Kengashlari 14 sentyabr kuni to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilgan edi.
«To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi Nizom 2020 yil 1 yanvardan kuchga kirdi. Endilikda oilaviy tadbirlar belgilangan qat’iy talablar asosida o‘tishi lozim.
Jumladan:
- to‘y, oilaviy tadbirlar, ma’raka va marosimlar (dafn marosimidan tashqari) faqat 1 kun bo‘ladi;
- ular soat 6:00-23:00 oralig‘ida o‘tkazilishi lozim;
- to‘ylarda 200 nafargacha, oshda 250 nafargacha odam qatnashishi mumkin;
- qo‘shaloq to‘yda 250 nafar, oshda esa 300 nafargacha odam qatnashishi mumkin;
- kelin-kuyovning to‘yxonaga kelishi va ketishida 3tadan ko‘p bo‘lmagan yengil avtomashinadan foydalanish mumkin;
- dafn marosimlarida cheklanmagan odam qatnashishi mumkin (marhum xotirasiga bag‘ishlab yoziladigan ehson dasturxoni bundan mustasno);
- diniy ma’ruzalar belgilangan tartibda ruxsat olgan shaxslar tomonidan o‘qiladi;
- «kelin navkari», «charlar», «ota ko‘rdi», «sep yoydi», «quda chaqirdi», «kuyov chaqirdi», «kelin chaqirdi», «tog‘ora yuborish», «pul sochish» va hokazo ishlarni o‘tkazish mumkin emas;
- «yetti», «payshanbalik», «yigirma», «qirq», «yil oshi», «pul tarqatish», «mato ulashish» va hokazolarni o‘tkazish mumkin emas;
- to‘yxona, kafe va restoranlarda 50 nafar va undan ortiq shaxslar ishtirokida oilaviy tadbirlar o‘tkazish uchun albatta shartnoma tuziladi;
- tadbirlardagi boshlovchi (tamada) san’atkor, xonanda, videochi, fotograf va boshqalar bilan shartnoma tuzilishi lozim;
- tadbirlarda 2 nafardan ortiq xonanda (guruh) xizmat qilishi mumkin emas.
Ichki ishlar organlari profilaktika inspektori fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan birgalikda fuqarolar o‘rtasida to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni ixcham va kamxarj o‘tkazishga, jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalarini aholi ongiga singdirishga, to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarning shuhratparastlik va dabdaba bilan o‘tkazilishining oldini olishga qaratilgan aniq va maqsadli profilaktik tadbirlarni tashkil etishi, shuningdek bunday tadbirlar davomida jamoat tartibini ta’minlashi lozim.
Zayniddin Eshonqulov.