To‘y o‘tkazish tartibini buzganlik uchun jarima miqdori belgilandi

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun (O‘RQ-612-son, 17.03.2020 yil) Prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanalida ma’lum qilindi.

Qonun bilan qator qonunlar va kodekslarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazish tartibiga doir talablarga rioya etmaslik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi modda bilan to‘ldirildi.

Unga ko‘ra, to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazuvchi shaxs tomonidan mazkur tadbirlarni o‘tkazish tartibiga doir talablarga rioya etmaslik fuqarolarga BHMning 10 baravari (2 million 230 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, to‘yxonalar, kafe va restoranlarning mansabdor shaxsi tomonidan to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazish tartibiga doir talablarga rioya etmaslik BHMning 30 baravari (6 million 690 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

To‘yxona, kafe va restoranlar egasi tomonidan ushbu huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin 1 yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 50 baravari (11 million 150 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mazkur tartib Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach, amalga kiritiladi.