Toyloq, Payariq, Nurobod, Kattaqo‘rg‘on va Jomboyda 192 ta ko‘chma savdo yarmarkalari tashkil qilindi

Joriy yil 10 iyuldan 1 avgustga qadar Respublikamizda bir qator karantin cheklovlari joriy etildi. Mazkur jarayonda nafsi hakalak otgan kimsalar tomonidan iste’mol bozorida narxlar sun’iy ravishda oshirilishi kuzatilishi mumkin.

Viloyatda pandemiya sharoitida dori-darmon va tibbiy buyumlar tanqisligining oldini olish va narxlar barqarorligini ta’minlash borasida 327 ta dorixonada keng qamrovli profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.

Bundan tashqari, aholini oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish va narxlar barqarorligini ta’minlash borasidagi ishlar kuchaytirildi.

Xususan, viloyatdagi 42 da dehqon bozorlarining har biriga xodimlar biriktirilib, narxlar barqarorligini ta’minlash, narxlarni sun’iy oshirish (ajiotaj)larning oldini olish va sanitariya-gigiyena hamda karantin qoidalariga rioya qilinishi nazoratga olindi.

Bozorlarda narxlar sun’iy oshib ketishining oldini olish maqsadida “Daladan-dasturxonga” tamoyili asosida ishlar tashkil qilindi. Natijada 122 fermer va dehqon xo‘jaliklari hamda 248 tomorqa yer egalariga o‘zlari yetishtirgan mahsulotlarini sotishlari uchun bozorlarda joy ajratilib, zarur sharoit yaratib berildi.

O‘tgan bir hafta davomida viloyat dehqon bozorlarida 21 turdagi 6236,9 tonna oziq-ovqat mahsulotlari xaridorlarga sifatli va hamyonbop narxlarda yetkazib berilishi ta’minlandi.

Dehqon bozorlari karantinga yopilgan Toyloq, Payariq, Nurobod, Kattaqo‘rg‘on va Jomboy tumanlarida aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida 192 ta ko‘chma savdo yarmarkalar faoliyati tashkil qilinib, 2036 tonna qishloq xo‘jalik va birinchi ehtiyojdagi mahsulotlarni yetkazib berilishi ta’minlandi.

Iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish departamenti Samarqand viloyati boshqarmasi.