Toyloq tumanidagi fojia ortidan “Ozodlik” radiosining saviyasi yana bir bor “bo‘y ko‘rsatdi”
Yaqinda “Ozodlik”da Toyloq tumanida 33 yoshli yigit o‘ziga o‘t qo‘yib yuborganligi bo‘yicha xabar chiqqan edi. Toyloq tuman hokimligi ushbu holatga o‘z munosabatini bildirdi.
Tumanimizda sodir bo‘lgan yosh yigit bilan bog‘liq fojia butun tuman ahli va rahbariyatini qayg‘uga soldi. Bizni o‘z joniga qasd qilgan yigitning oilasi, yetim qolgan farzandlari taqdiri o‘ylantirayotgan bir vaqtda ayrim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari voqeaga bo‘hton qo‘shib, shov-shuv ko‘tarish, xalq o‘rtasida norozilik urug‘ini sepishga uringaniga guvoh bo‘lib, bundan qattiq afsuslandik.
Jumladan, “Ozodlik” saytida joniga qasd qilgan yigitni “noqonuniy ravishda qurilgan deya topilgan uyini buzish uchun kelganlarga norozilik sifatida o‘ziga o‘t qo‘ygan” deb baralla e’lon qilishdi. Bir necha marta o‘sha kuni “kadastr xodimlari uyni buzish uchun kelishgan” deya aytib o‘tilibdi.
Eng achinarlisi, biror bir ommaviy axborot vositasi bunday ayanchli da’voni e’lon qilishdan oldin tumanimiz mas’ullari bilan bog‘lanib ham ko‘rishgani yo‘q. Aftidan, maqsad – rostmi-yolg‘onmi shov-shuvli axborot tarqatish. Biz bu kabi saytlarda hech ikkilanmasdan na xolislik va na professionallik tariqcha ham yo‘qligiga amin bo‘ldik.
Agar ozgina professionallik yoki ozgina malaka yetishganida “Ozodlik” xodimlari arxitektura yoxud kadastr xodimlari uyni buzadigan organ emasligini, bu xodimlar faqat qonunchilikda ko‘zda tutilgan holatlarni tushuntirish uchun fuqaro oldiga borganini fahmlagan bo‘lardi.
Yana bir fakt shuki, aslida o‘z joniga qasd qilgan fuqaroning uyi buzilishga tushgan ham emas.
Aslida marhum D.Sh. tomonidan 2018 yil 10 dekabrda Yagona davlat xizmatlari markazi orqali “Noqonuniy ravishda o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joyiga egalik huquqini olish uchun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 21 iyundagi 461-sonli “Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida”gi 2018 yil 20 apreldagi PF-5421-son farmoni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq murojaat qilgan.
Ana shu ariza komissiya a’zolari tomonidan o‘rganib chiqilib, IJOBIY XULOSA BERILGAN. Shundan so‘ng fuqaro D.Sh. nomiga Toyloq tuman hokimining 2019 yil 23-yanvardagi 247-Q sonli qarori qabul qilingan edi. Ushbu qaror asosida D.Sh.ning qurilish osti 290.39 kv.metr jami 0.06 ga yer maydoniga egalik qilish huquqi e’tirof etilgan.
“Ozodlik” radiosi saytida esa “noqonuniy ravishda qurilgan deya topilgan uyini buzish uchun kelganlarga norozilik sifatida o‘ziga o‘t qo‘ygan” deya e’lon qilmoqda. Yuqorida aytilganidek, ijtimoiy tarmoqlar ham tarqatilgan bu bo‘htonni ko‘chirib bosmoqda.
Modomiki, fuqaroning o‘zboshimchalik bilan qurilgan uyiga egalik huquqi tiklangan ekan, uy buzilmas ekan, nima sababdan u o‘z joniga qasd qildi? Masalaning eng og‘riqli tomoni shu. D.Sh. egalik huquqi berilgan uyiga qo‘shimcha ravishda yerni egallab olgani aniqlangan. Bunday holatlar aslida bugun oz emas. Garchi bir necha sotix bo‘lsa-da aslida xalqning mulki bu yerlar. Uning qachon egallanganini aerokosmik fotosuratlardan ham bilish mumkin.
Ko‘plab uchrayotgan bu kabi holatlarning qonun me’yorlariga to‘g‘ri kelmasligi fuqarolarga tushuntirilmoqda. Jumladan, o‘z joniga qasd qilgan D.Sh. bilan bir ko‘chada yashovchi qator fuqarolar bilan ham shu holat kuzatilgan va ularga ham tushuntirilgan, ogohlantirish berilgan edi.
Voqeadan bir necha kun oldin fuqaro D.Sh. mazkur muammo yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga murojaat qilgan edi. Fojia sodir bo‘lgan kuni yuqoridagi murajaatni o‘rganish uchun Toyloq tuman arxitektura va qurilish bo‘limi hamda Toyloq tuman “Yermulkkadastr” DK bo‘limi mutaxassislari, mahalla vakili hamda guvohlar ishtirokida fuqaro oldiga borishgan. Bu esa “uyni buzish uchun” deya talqin etildi. Aslida fuqaroga uyi uchun allaqachon egalik huquqi tiklangani, gap faqat yaqinda egallangan qo‘shimcha yer haqida ketayotgani va asosiysi u yerga buzish bilan shug‘ullanuvchi tashkilot vakillarining o‘zi hech qachon bormagani yoritilmadi.
Har qanday holatda ham tuman rahbariyati bo‘lgan voqeadan chuqur afsusda. D.Sh.ning oilasi ham hokimlik e’tiboridan chetda qolmaydi.
Tumanimiz boshiga tushgan voqeadan o‘z manfaati uchun foydalangan, voqeani butunlay teskari tasvirlagan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga esa ozgina saviya tilagan bo‘lardik.
Toyloq tuman hokimligi.