Toyloqda ommaviy sport turlari rivojiga to‘siq bo‘layotgan muammolar qachon yechiladi?
Sportning inson salomatligini ta’minlashdagi ahamiyati, davlatning xalqaro maydondagi nufuzi, jamiyat hayotida tutgan o‘rni haqida yana uzundan-uzun yozish ortiqcha. Negaki, sohani rivojlantirish shu qadar muhim bo‘lmaganida davlatimiz rahbari aynan shu masalada yig‘ilish o‘tkazmagan, oradan hafta-o‘n kun o‘tmasdan bu boradagi ahvol viloyat hokimi tomonidan muhokama qilinmagan bo‘lardi.
Har ikki yig‘ilishda ham ommaviy sportni rivojlantirish borasidagi muammolar qayd etilib, ularni qisqa fursatda hal etish yuzasidan topshiriqlar berildi. Xo‘sh, joylarda ahvol o‘nglandimi, hech bo‘lmasa shunga harakat boshlanganmi?
Afsuski, bu savollarga Samarqand viloyatining Toyloq tumanida “ha”, deb javob berib bo‘lmaydi. Xususan, Toyloq tumani bolalar-o‘smirlar sport maktabida bo‘lganimizda yoshlar o‘zlari qiziqqan sport turlari bilan mashg‘ul ekanligini ko‘rdik. Ammo hovlidagi beton ariqning chiqindilarga to‘lgani, zamonaviy sport zalida tozalikka e’tibor sustligi dilni xira qildi.
Zalni yoritish chiroqlaridan ayrimlari ishdan chiqqan. Agarda mutasaddilar ozgina hafsala qilganlarida yuvinish xonasi farroshlar xonasiga aylanib qolmagan bo‘lardi.
“Garderob” yozuvi ilingan kiyim almashtirish xonasida negadir kiyim ilgichlar yo‘q. Xonada yelim paketlar va aslida o‘quvchilar foydalanishi kerak bo‘lgan sport jihozlari turibdi. Vaholanki, viloyat hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ayni shu masala - mavjud sport inventarlari va zallardan samarali foydalanish topshirig‘i berilgan edi. Umuman, buni shaxsan viloyat hokimining o‘zi yil davomida bir necha marta aytdi.
Muassasada maktab xodimlarining xizmat vazifasi taqsimoti 2018 yilda tasdiqlangan holicha qolib ketgan. Balki, ish o‘zi bo‘lar qabilida tashkil etilganligi uchun ham muassasa tarbiyalanuvchilari orasidan na Osiyo va na jahon chempionlari yetishib chiqqan?
Tumandagi 22-umumiy o‘rta ta’lim maktabining sport zalida dars vaqti bo‘lsa-da, o‘quvchilarni uchratmadik. Birozdan so‘ng sport kiyimidagi o‘quvchilarni jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi emas, maktabning yoshlari yetakchisi “yetaklab” keldi.
- Jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilarining biri malaka oshirishda, ikkinchisi o‘quvchilarni musobaqaga olib ketgandi, - deya izoh berdi maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Zuhra Ahmedova. – Jismoniy tarbiya darsini yetakchi bilan birga chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi o‘tadi.
Lekin o‘qituvchi bundan bexabar. Birgina, shu holatning o‘zi maktabda yoshlarni sportga jalb etishning ahvolini ko‘rsatib turgan bo‘lsa-da, sport zalidagi yog‘och panjaralar orasi chiqindi bilan to‘lganligini ham ta’kidlab o‘tish o‘rinli.
Chorbog‘tepa qishlog‘idagi 43-umumiy o‘rta ta’lim maktabining futbol o‘yingohi shundoqqina avtomobil yo‘li oldida joylashgan, atrofi to‘siqlar bilan o‘ralmagan. Maktab direktori Muhayyo Xojimurodovaning ta’kidlashicha, bu muammoni bartaraf qilish masalasi bir necha bor mutasaddilarga aytilgan. Hatto yangi o‘quv yili arafasida tuman hokimligi vakillari ham ko‘rib ketgan. Natija esa...
Maktabda o‘quvchilarning jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishi uchun yaratilgan sharoit to‘g‘risida gap ketganda sport zali va qo‘shimcha xonalar yoritilmasligi, o‘quvchilarning yuvinish xonasi umuman ishlamasligini aytish lozim. Bir qarashda arzimasdek ko‘ringan muammo yillar davomida yechimini topmagani ajablanarli.
Jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi Nurmuhammad Qo‘chqorovning aytishicha, 9 yildan buyon yuvinish xonasidan foydalanilmaydi. Bu borada tuman hokimligiga takliflar berilgan. Lekin o‘zgarish bo‘lmayapti.
Maktablardagi ahvolni qaysidir ma’noda tushunish mumkindir. Ammo yillar davomida maktablarda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish borasida nazoratning sustligi, e’tiborning kamligi bois bir qator muammolar to‘planib qolgan. Biroq ularni qisqa vaqt ichida bartaraf etish topshirig‘i berilsa-da, nega Toyloqda o‘zgarish bo‘lmayapti?
Shu savollar bilan Toyloq ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatiga kirib bordik. Hozirda bu maskanda 13 ta olimpiya, 3 ta milliy, 1 ta noolimpiya sport turidan 595 nafar o‘quvchiga 57 nafar oliy toifali murabbiy-trener mashg‘ulot o‘tmoqda.
O‘quvchi-sportchilarning 24 nafari O‘zbekiston terma jamoasi tarkibiga a’zo bo‘lgan bo‘lsa, 77 nafari terma jamoa a’zoligiga nomzod. 2 nafar xalqaro toifadagi sport ustasi, 2 nafar O‘zbekiston Respublikasi sport ustasi, 141 nafar sport ustaligiga nomzodlar bor.
Bu muassasada mashg‘ulotlar o‘tilyapti, sharoit yetarli. Ammo bu yerda ham bir muncha muammolar mavjud. Maktab-internati direktori Bahodir Berdiqulovning ta’kidlashicha, 2020 yilda sport majmuasini kapital ta’mirlash rejalashtirilgan, sport jihozlari yangilanadi. Shuningdek, bu yerda fitnes markaz ham tashkil etiladi. Mavjud yotoqxona ta’mirdan chiqarilib, qo‘shimcha bino quriladi.
Jarayonni kuzatishda davom etamiz va mavzuga yana qaytamiz.
Husan ELTOYeV.