Toyloqda qarzdor otadan 18 million so‘mlik aliment pullari undirildi

Majburiy ijro byurosi Toyloq tumani bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudining 2019 yil 26 sentyabrdagi sud buyrug‘iga asosan qarzdor R.X.dan undiruvchi M.B. foydasiga uch nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish ko‘rsatilgan.

Bo‘lim xodimlari tomonidan qarzdor R.X. bilan profilaktik suhbatlar olib borilib, qonunchilikda belgilangan javobgarlik yuzasidan tushuntirish berildi.

Shundan so‘ng qarzdor R.X. alimentdan bo‘lgan barcha qarzini to‘lash istagini bildirdi.

Majburiy ijro byurosi Toyloq tumani bo‘limining xabar berishicha, qarzdor tomonidan 2020 yilning 31 dekabrigacha bo‘lgan qarzdorlik hisoblanib, jami 18 million 485 ming so‘m aliment pullari undiruvchi M.B.ga topshirilishi ta’minlandi.