Toyloqdagi orolchada suv sathi ko‘tarilganligi bois 24 nafar kishiga yordam ko‘rsatildi (foto)

Kecha, 4 iyul kuni soat 10:05da Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi navbatchilik xizmatiga telefon orqali Toyloq tumani “Zarafshon” mahallasi “Mirzapolvon” qishlog‘ida yashovchi fuqaro H.A. murojaat qilib yordam so‘ragan.

Ma’lum bo‘lishicha, 3 iyul kuni Zarafshon mahallasi Mirzapolvon qishlog‘i hududidan oqib o‘tuvchi qismida joylashgan, o‘zlashtirilgan yer maydonida dehqonchilik qilish uchun orolchaga 24 nafar mahalliy fuqarolar daryoni kechib o‘tishgan. Ammo, suv sathi ko‘tarilganligi tufayli oroldan yashash punktiga qaytish imkoni bo‘lmagan.

Mazkur holat bo‘yicha, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i rahbarligida jami 4 nafar harbiy xizmatchi va 6 nafar qutqaruvchilar zudlik bilan belgilangan hududga yetib borishdi.

FVV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, olib borilgan tezkor harakatlar natijasida, orolchada qolib ketgan 24 nafar fuqarolar tan jarohatisiz maxsus kichik xajmli kemada qirg‘oqqa olib o‘tildi.