Tramp Chikagodagi vaziyatni Afg‘onistondan ham yomon deb atadi

AQSh Prezidenti Donald Tramp Chikagoda ro‘y berayotgan tartibsizliklarni Afg‘onistondagi vaziyatga taqqosladi va bunda demokratik partiyani aybladi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

Jurnalistlar bilan bo‘lgan suhbatda bir qator shtatlarda davom etayotgan ommaviy tartibsizliklarga izoh berib, mahalliy qonunchilar kuchsiz va namoyishchilardan qo‘rqayotganini, shu sababdan ham ularga tinchlikni saqlashni ta’minlashga yordam berishdan bosh tortayotganini ta’kidladi Tramp.

“Chikago haqida nima deb o‘ylaysiz? Dam olish kunlaridan so‘ng ularga yordam kerakmi? U yerdagi raqamlardan xabaringiz bormi? Ko‘plab odamlar jarohatlangan, ko‘plari o‘ldirilgan. Men bir-ikki kishi haqida gapirmayapman – 18 kishi o‘ldirilgan! Fikrimcha, undan ham ko‘p. Yoz oylari davomida bu ko‘rsatkich nechtaga yetadi? Bu hech shubhasiz, Afg‘onistondan ham yomon”, dedi AQSh rahbari.

U Chikago kabi shaharlarni “o‘sha liberal demokratlar” boshqarayotganini va agar navbatdagi AQSh prezidentligi uchun o‘tkaziladigan saylovda o‘sha partiya nomzodi Jo Bayden g‘alaba qozonsa, bunday holat butun mamlakatni qo‘rshab olishini qo‘shimcha qildi.

“Butun mamlakat do‘zaxga ravona bo‘ladi. Biroq biz bunday bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaymiz”, deb ta’kidladi Tramp.

Amerika va boshqa mamlakat shaharlaridagi namoyishlar va tartibsizliklar afroamerikalik Jorj Floydning politsiyachi qo‘lida vafot etganidan so‘ng boshlandi va bugungi kunga qadar davom etmoqda.