Tramp jinoyatchilik avj olgan shaharlarga qo‘shimcha kuch yuborilishini e’lon qildi

AQSh Prezidenti Donald Tramp jinoyatchilik avj olgan Chikago va boshqa shaharlarga qo‘shimcha federal kuchlar yuborilishini ma’lum qildi.

“So‘nggi haftalarda politsiya departamentlarini moliyalashtirishni to‘xtatish va tarqatib yuborishga qaratilgan buzg‘unchi “chap qanot” harakatlari boshlandi. Tajovuzkor siyosatchilar politsiyaga qarshi ushbu salb yurishga qo‘shildi”, deb ta’kidladi Tramp Oq uyda qilgan chiqishida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday harakatlar qotillik, o‘q otar qurol bilan jarohat yetkazish va boshqa turdagi zo‘ravonliklarning oshib ketishiga sabab bo‘ldi.

- Bu qon to‘kishlar to‘xtashi zarur va u to‘xtaydi. Men bugun zo‘ravonlik va jinoyatchilik qo‘rshovida qolgan hududlarimizda federal huquqni himoya qilish xodimlari soni keskin oshishini e’lon qilaman. Bizning vaziyatga aralashishdan boshqa choramiz yo‘q, - dedi prezident.

Shu bilan birga, davlat rahbari jinoyatchilikka qarshi kurashish saylangan mahalliy hukumat vakolatiga kirishini, mahalliy hukumat buning uddasidan chiqa olmasa, fojia sodir bo‘lishini eslatib o‘tdi.