Tramp josuslikda gumonlanmoqda

AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp Federal sudga uning Mar-a-Lagodagi qarorgohida FQB tomonidan tintuv o‘tkazish chog‘ida qo‘lga kiritilgan hujjatlarni tahlil qilish uchun maxsus vakil, mustaqil advokat tayinlanmaguncha ko‘rib chiqilmasligi haqida iltimosnoma taqdim etdi.

Tramp suddan musodara qilingan hujjatlarning batafsil inventarizatsiyasini unga taqdim etilishi va qidiruvga kirmaydigan barcha ashyolarni qaytarib berishni so‘rgan.

Orderga ko‘ra, avgust oyi boshida FQB sobiq AQSh prezidentining uyida saqlanayotgan 11 ta maxfiy hujjatlar to‘plamini musodara qilgan.

Federal xavfsizlik xizmati Trampning josuslik va maxfiy hujjatlarga oid qonunlarni buzganlik ayblovlarini tekshirmoqda. Ma’lum qilinishicha, sobiq prezident 2021 yilda Oq uyni tark etayotganda o‘zi bilan "maxfiy" deb belgilangan hujjatlarni olib ketgan.

Tramp ular prezidentlik muddati tugashidan oldin oshkor qilinganini ta’kidlamoqda.