Transport vazirligi charter reyslar nega qimmatligini izohladi

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda xorijdagi fuqarolarni O‘zbekistonga olib kelish maqsadida tashkil etilayotgan charter repatriatsiya reyslari chiptalari judda qimmat narxlarda sotilayotgani yuzasidan turli xabarlar tarqalmoqda. Mazkur masala tahlil qilinganida esa bu kabi xabarlarni qoldirayotgan fuqarolar aslida aynan turoperatorlar tomonidan amalga oshirilayotgan tijoriy charter qatnovlarining chipta narxlari xususida fikr bildirayotgani oydinlashmoqda.

Transport vazirligining xabar berishicha, vazirlikning turoperatorlar va avikompaniyalar tomonidan tashkil etilayotgan tijoriy charter qatnovlarining Respublika maxsus komissiyasi tomonidan tasdiqlangan parvozlar jadvaliga muvofiq tashkil etilayotgan charter repatriatsiya reyslarga aloqasi yo‘q.

Respublika maxsus komissiyasi tomonidan tasdiqlangan parvozlar jadvaliga muvofiq “Uzbekistan airways” aviakompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan charter repatriatsiya reyslari chipta narxlari eng ko‘p muhokamalarga sabab bo‘layotgan yo‘nalishlar “Moskva – Toshkent” 397 AQSh dollari, “Istanbul – Toshkent” 353 - 400 AQSh dollari, “Dubay – Toshkent” 366 AQSh dollari miqdorida bir tomonga realiatsiya qilinmoqda.

Turoperatorlar va aviakompaniyalar tomonidan tashkil etilayotgan tijoriy charter reyslarining nisbatan qimmatligi esa quyidagi omillar bilan bog‘liq;

- qatnov amalga oshirilayotgan davlatning talabi bilan aksariyat hollarda parvozning bir tomonga bo‘sh (yo‘lovchilarsiz) amalga oshirilayotgani;

- samolyotlarning ijara puli;

- yo‘nalish masofasi va nechta davlatlar havo kengli hududlaridan uchib o‘tishi;

- aeronavigatsion xizmatlar;

- aeroport yer usti xizmatlari va yig‘imlari;

- olib kelingan yo‘lovchilarni aeroport hududidan mehmonxonaga transportda yetkazib qo‘yish;

- mehmonxonada karantin qoidalariga rioya etgan holda bo‘lishni nazorat qilishni tashkil etish;

- tibbiy va sanitariya xizmati xarajatlari;

- PZR test sinamalarini olish qiymati va boshqa moliyaviy xarajatlar.

"Transport vazirligi turoperatorlar va aviakompaniyalar tomonidan tashkil etilayotgan tijoriy charter reyslarining chipta narxlarini shakllantirish va belgilash jarayonlarida ishtirok etmaydi", deyiladi xabarda.