Taksi narxi nega keskin qimmatlashdi?
Yoxud yo‘lovchi tashish faoliyatini qaysi tashkilot nazorat qiladi?
Samarqand shahriga yaqin tumanlardan har kuni ishga yoki o‘qishga boruvchilar manzilga o‘z vaqtida, bexavotir yetib borishni o‘ylaydi. Buning uchun har kim ehtiyoji yoki moddiy imkoniyatidan kelib chiqib transport tanlaydi. Shubhasiz, vaqti tig‘iz kishilar taksi yoki yo‘lovchi mashinalarni afzal biladi. Xullas, har qanday vaziyatda ko‘pchilik, garchand kira haqi qimmat bo‘lsa ham taksilarga murojaat qiladi.
6 ming so‘mdan 10 ming so‘mga
Hozirgi vaqtda Samarqand shahriga tumanlardan qatnovchi yo‘nalishsiz taksilarning yo‘l kira narxlari keskin qimmatlaganligi aholining jiddiy e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Xususan, Bulung‘ur tumani aholisi tomonidan ham yo‘nalishsiz taksi narxlarining keskin qimmatlashganligi borasida ko‘plab e’tirozlar bo‘lmoqda. Ayniqsa, “Bulung‘ur-Samarqand-Bulung‘ur” yo‘nalishidagi taksilar yo‘l kira narxlari yurtimizda karantin cheklovlari joriy qilinganidan avval, ya’ni mart oyida 6 ming so‘m bo‘lgan bo‘lsa, hozirda 10 ming so‘mni (qariyb 70 foizga qimmatlashgan) tashkil qilmoqda. Vaholanki, ushbu muddat ichida oylik ish haqlari oshmadi. Tovar va xizmatlar narxi esa nari borsa 15-20 foizga qimmatlashdi. Avtotransport yoqilg‘isi (metan gaz) ham 20 foiz atrofida qimmatlashdi (6 ming so‘mning 20 foizi 7 ming 200 so‘m bo‘ladi. Bu oddiy arifmetika). Havo haroratining keskin sovib ketishi natijasida yo‘l kira narxlari hatto 15-20 ming so‘mga ko‘tarilayotganining ham guvohi bo‘lmoqdamiz.
Aholining fikri qanday?
Telegramdagi Bulungur.uz kanali orqali “Deputat so‘rovnomasi” ruknida o‘tkazilgan so‘rovnomada qatnashganlarning 13 foizi yo‘l kira narxlarining qoniqarli ekanligini, 87 foizi esa yo‘l kira narxlarining qimmatligini bildirishgan. 16 noyabrdan boshlab oliy ta’lim muassalarida an’anaviy ta’lim jarayonlari boshlandi. Samarqand shahridagi oliy ta’lim muassalariga tuman hududidan ko‘plab talabalar kunlik qatnovni amalga oshiradi. Yo‘l kira narxlarning keskin oshganligi talabalar va ularning ota-onalariga ham qiyinchilik tug‘dirishi tabiiy.
Deputat munosabati
Ushbu masala yuzasidan joriy yilning 27 oktyabr kuni Samarqand viloyati transport boshqarmasiga xalq deputatlari tuman Kengashi deputati tomonidan deputatlik so‘rovi jo‘natildi. Transport boshqarmasining javob xatida ushbu masala ularning vakolat doirasida emasligi va tumandagi avtotransport korxonalariga murojaat qilish zarurligini bildirib o‘tdi. O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi, “Samarqand-Bulung‘ur” yo‘nalishida qatnovchi taksilarga ega avtotransport korxonasi bormi o‘zi? Agar bor bo‘lsa, ularning faoliyatini qaysi tashkilot nazorat qiladi? Yo‘lovchi tashish faoliyati bilan noqonuniy shug‘ullanayotgan shaxsiy avtomashina egalarining faoliyatini-chi? Hamma o‘z bilganicha yo‘l kira narxlarini oshiraversa, xalqning moddiy imkoniyati va manfaatlarini kim hisobga oladi?
Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 4 noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagaj tashish qoidalarini hamda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlashga doir talablarni tasdiqlash haqida»gi Qarori asosida «Avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagaj tashish qoidalari»ning 99-bandida yo‘nalishsiz taksilarning yo‘lovchilar va bagajni tashish tariflari miqdori tashuvchi tomonidan belgilanishi ko‘rsatilgan. Demak, yo‘l kira haqini sarf-xarajatdan kelib chiqib, har bir taksi xizmatini ko‘rsatuvchi korxonaning o‘zi belgilaydi. Shuningdek, kira haqini o‘zgartirgan korxona o‘ziga tegishli taksilarga amaldagi narxni yozib qo‘yishi, korxona manzili, haydovchining ism-sharifi, telefoni bo‘lgan beyjik osig‘liq turishi kerak. O‘zgargan kira haqi haqidagi korxona buyrug‘i (sabablari ko‘rsatilgan holda, albatta) osilgan, barcha haydovchilar tanishtirilgan bo‘lishi kerak.
Ushbu masala yuzasidan tuman kengashi deputatlari boshqa mas’ul tashkilotlarga so‘rov yuborib, natijasi bo‘yicha qo‘shimcha axborot beriladi. Shuningdek, yo‘l kira narxlarining sun’iy ravishda oshirilishi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini o‘rnatish sizu bizning qo‘limizda ekanligni eslatib o‘tish zarur.
Shaxzod AHMEDOV,
xalq deputatlari Bulung‘ur tumani Kengashi deputati.