Triatlon: O‘zbekiston chempionlari kimlar bo‘ldi?
“Samarqand – 2023, triatlon bo‘yicha O‘zbekiston chempionati” bahslari yakunlandi.
Unda 300 nafar ishtirokchi standart va super-sprint masofalarida elita, U-23, 15-17 yoshlar va 16-19 yoshli o‘smirlar o‘rtasida triatlon bo‘yicha milliy va yoshlar terma jamoasiga saralash bahslarida ishtirok etdi.
Musobaqa natijasiga ko‘ra, U-23 toifasining elita dasturida erkaklar o‘rtasida toshkentlik triatlonchi Aleksandr Kurishovga teng keladigani topilmadi. Ikkinchi o‘rinni yana bir toshkentlik triatlonchi Yuriy Galushko va uchinchi o‘rinni farg‘onalik sportchi Zohid Adhamov qo‘lga kiritdi. Ayollar bahsida marraga birinchi Alina Hakimova, ikkinchi namanganlik Oydin Ikromova yetib keldi.
U-23 bahsining olimpiya yo‘nalishida qashqadaryolik sportchi Arslon Tursunov g‘olib bo‘ldi. Ikkinchi bo‘lib marraga toshkentlik sportchi Kamron Xodjayev, uchinchi bo‘lib Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakili Dilshod Ro‘zmetov yetib keldi. Ayollar bahsida Toshkent viloyati vakilasi Muslima Jumaboyeva birinchi, qashqadaryolik sportchi Malika Toshpo‘latova ikkinchi bo‘ldi.
15-17 yosh toifasida erkaklar o‘rtasida birinchi o‘rin toshkentlik triatlonchi Igor Igorovga nasib etdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni andijonlik sportchilar Azizillo Abdulxodiyev va Muhammadyusuf Abduxalilovlar qo‘lga kiritdi. Ayollar bahsida toshkentlik sportchilar Diana Bektemirova hamda Dayana Lukiyenko birinchi va ikkinchi o‘rinlarni egallagan bo‘lsa, qashqadaryolik Nadejda Troshina uchinchi o‘rinni band etdi.
16-19 yosh toifasida erkaklar o‘rtasida toshkentlik sportchilar Sulton Aliyev, Abdullajon Qoraboyev va Ikromxon Umarov marra chizig‘ini ketma-ketlikda bosib o‘tdi. Ayollar bellashuvida Navoiy viloyati sharafini himoya qilgan Dilnura Xolniyozova birinchilikni qo‘lga kiritdi. Keyingi o‘rinlarni qashqadaryolik Elnora Haqnazarova hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakilasi Mashhura Yusupboyeva band qildi.
Shuningdek, chempionat davomida havoskor triatlonchilar turli yosh toifasida jamoaviy va yakkalik bahslarida qatnashib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Chempionatning taqdirlash marosimida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, Xalqaro triatlon federatsiyasi prezidenti Marisol Kasado, O‘zbekiston triatlon federatsiyasi raisi Viktor Mahmudov ishtirok etib, musobaqa g‘oliblariga diplom, pul mukofoti va esdalik sovg‘alarini topshirdi. Samarqandda xalqaro musobaqa yuqori saviyada o‘tkazilganligi e’tirof etilib, musobaqa tashkilotchilariga minnatdorlik bildirildi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.