Tumanlararo ixtisoslashtirilgan ma’muriy sudlar tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan 2021 yil 1 yanvardan boshlab, ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma’muriy sudlar tashkil etiladi. Shu munosabat bilan tuman (shahar) ma’muriy sudlari tugatiladi.

Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari saqlab qolinadi.

Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati ma’muriy sudlardan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkaziladi.

Farmon mazmuniga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy tumanlararo sudlari ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni birinchi bosqichda ko‘rib chiqsa, viloyat ma’muriy sudlari tomonidan mazkur toifadagi ishlar appelyasiya tartibida ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, Farmonda viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari bo‘yicha, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qat’iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari bo‘yicha alohida sudlov hay’atlarini tashkil etgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etish nazarda tutilmoqda.

Farmon mazmuniga ko‘ra, ma’muriy sudlar umumyurisdiksiya sudlaridan alohida, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Oliy sudga bo‘ysunuvchi mustaqil sud sifatida ish faoliyatini olib boradi.

Shuni ta’kidlash joizki, 2020 yilning birinchi yarim yilligi mobaynida respublikada ma’muriy sudlar tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan 6 871 ta nizoli ish ko‘rib chiqildi. Buning natijasida 4 820 ta fuqaro va yuridik shaxslarning huquqlari tiklandi.

Shuningdek, ma’muriy sudlar tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ko‘zda tutilgan huquqbuzarliklar bo‘yicha 183 137 nafar shaxsga nisbatan 149 684 ta ish ko‘rib chiqildi. Jumladan 120 484 nafar shaxsga nisbatan jarima, maxsus huquqdan mahrum etish, ma’muriy qamoqqa olish va O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqarib yuborish kabi ma’muriy jazolar qo‘llanildi.

Orif PARDAYeV,

Samarqand shahar ma’muriy sudi raisi.