Tumanlarda “Humo” terminallari nega kam?
- U yoqqa borsang ham “Humo”ga savdo yo‘q deydi, bu yoqqa borsang ham shu gap. Nima keragi bor agar bu plastikning. Bankka bor emish. Bankomatda pul qilib, keyin savdo qilar emishman. Agar menga 25 ming so‘m kerak bo‘lsa, shuning uchun ham bankka borishim kerakmi? Shunchalik ham qiyinmi bu matohni savdo do‘konlariga o‘rnatib qo‘yish.
Bu akaxonimiz bekorga tutoqib gapirayotgani yo‘q. Tan olishimiz kerak, Payariq tumanida “Xumo” plastik kartalari bilan savdo qiladigan do‘konlar juda kam. Yuqorida aytilganidek, agar savdo do‘konlariga borib murojaat qiladigan bo‘lsangiz, “Bizda faqat Uzkard” ishlaydi, xohlasangiz shu, bo‘lmasa o‘zingiz bilasiz” deydiganlar ko‘payib ketdi.
Yaqinda viloyat hokimi shu masalani o‘rtaga tashladi. Samarqand viloyati plastik kartalar bilan savdo qilishda orqada qolayotganini tanqid qildi. Aholi savdo do‘konlariga bormay, bankomatlardan naqd pul qilayotganligini aytdi. Bunda tadbirkorlarning, mutasaddi tashkilotlarning aybi borligini yashirib o‘tirmadi.
Buyog‘iga nima deysiz? Bilsangiz, ayting. Har oyning beshinchisidan keyin banklardagi bankomatlarga odam to‘lib ketadi. Pandemiya, karantin degan narsalar begona. Muhimi, plastik kartasidagi pulni naqd qilib olish.
Bunga kim javob beradi? Shunday qilmasa ham bo‘lmaydi-da. Oshxonaga kirsa plastikka savdo yo‘q, qishlog‘idagi do‘konga kirib murojaat qilsa, “terminal o‘zi nima, deydi”. Endi ayting, aholi plastikni pul qilmay, nima qilsin?
Ostonada yangi yil. Bu bayram har yili orziqib kutiladi. Terminallarni ko‘paytirish kerak. Shunda aholi qaysi do‘kon plastikka savdo qilar ekan, deb izlab yurmaydi.
Husniddin XOLDOROV.