Turizm rivojlanishi uchun mahalliy yo‘lovchi tashish tizimi ham  qulay bo‘lishi kerak

Turizm sohasining boshqa sohalardan farqi shuki, mazkur sohani rivojlantirish uchun o‘nlab yo‘nalishlarda qulaylik yaratilishi lozim. Soha bilamizki, faqat turistik ob’yektlar va mehmonxonalardan iborat emas. Ana shu yo‘nalishlardan biri — jamoat transporti hisoblanadi. Ishonavering, toki o‘ta qulay yo‘lovchi tashishi tizim bo‘lmas ekan, ichki sayyohlar ham, xorijiy mehmonlar ham “komfort” his qilmaydi.

Yaqinda Prezident raisligidagi yig‘ilishda Samarqand eng ko‘p sayyoh qabul qilgan hudud ekani ma’lum qilindi. Endi tasavvur qiling, bir necha yildan buyon muammolardan boshi chiqmayotgan jamoat transporti masalasi ham ko‘ngildagidek bo‘lsa sayyohlarga qanchalik qulay bo‘ladi. Hozircha Samarqanddagi yo‘lovchi tashish avtobuslarini har tomonlama qulay va zamonaviy deya olmaymiz. Dunyoning istagan davlatida turistlar jamoat transportini tanlagani holda bizdagi avtobuslarlarda ular ko‘rinmasligi bejiz emas, albatta.

Samarqand shahridagi hozirgi jamoat transportidagi quyidagi muammolarga fikrimcha, birinchi navbatda yechim kerak:

- avtobuslar aniq reja asosida harakat qilmaydi;

- tartib-intizom va tozalikka rioya qilinmaydi;

- bitta avtobusda ba’zan bir nechta yo‘nalishlar tablolari bor, ular o‘zboshimchalik bilan xohlagan paytda yo‘nalishni o‘zgartiradi;

- yosh bolalar mehnatidan konduktor sifatida foydalanish holatlari uchrab turadi;

- bekatlarda oraliq masofani saqlamay uzoq vaqt kutib turadi;

- odamlarni belgilangan yo‘lovchilar soni me’yoriga amal qilinmaydi;

- transportlar texnik holati qoniqarli emas.

Kechagina viloyat kengashida jamoat transportida to‘lovlar elektron shaklga o‘tayotgani ma’lum qilindi. Hatto yo‘lkira uchun elektron to‘lov naqd puldan ko‘ra ancha arzon etib belgilanishi taklif qilindi. Bu o‘zini oqlaydi albatta. Agar tizim raqamlashtirilsa, birinchi navbatda jamoat transportida tartib bo‘ladi, mijozlar uchun avtobuslar bir-birini quvmaydi, ehtimoliy avariyalar oldini olinardi va eng asosiysi pul aylanmasi ham legallashadi.

Shuningdek, haydovchilarni maxsus sinovlar orqali saralab ishga jalb qilinishi kerak. Ular yuqori maosh olishi lozim. Haydovchi mehnatidan faxrlanib yurishi kerak.

Umuman, agar jamoat transport ko‘ngildagidek bo‘lsa, ko‘pchilik shaxsiy avtomobilidan emas, jamoat transportidan foydalanish ehtimoli oshadi. Bu esa shahardagi tirbandliklar sezilarli kamayishiga sabab bo‘lishi mumkin.

 Bokir Abdullayev.