Turk sarmoyasi asosida yana ikki qo‘shma korxona ochiladi
Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasida qurilish sohasida faoliyat olib borayotgan mahalliy tadbirkorlar va Turkiyaning Sharqiy Anatoliya eksportchilar uyushmasiga a’zo ishbilarmonlar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
V2V formatida tashkil etilgan uchrashuvda har ikki tomon qurilish sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Turkiyada ishlab chiqarilgan qurilish materiallarini yurtimizga import qilish, qo‘shma korxonalar tashkil etish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.
- Sharqiy Anatoliya eksportchilar uyushmasi tarkibiga kiruvchi qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasidagi eng yirik 18 kompaniya vakillari samarqandlik ishbilarmonlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasida V2V shaklida muzokaralar olib bordi, - deydi O‘zbek-Turk savdo uyi rahbari Hamid Yangiboyev. - Har ikki tomon muloqotlar asosida bildirilgan takliflarini muhokama qilib, tomonlar kelishuvga erishsa, aprel oyida bo‘ladigan navbatdagi uchrashuvda hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Bu kabi uchrashuvlarda ular qurilish materiallari, kimyo vositalarini ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirishda o‘zlariga yangi hamkorlar topish va qo‘shma korxonalar tashkil etishni rejalashtirgan. Uyushma tarkibiga kiruvchi sarmoyadorlar Urgut tumanida sement ishlab chiqarish korxonalari uchun unga qo‘shiladigan kimyoviy vosita ishlab chiqarish va Samarqand shahrida tom yopishda ishlatiladigan izolyasion materiallar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etishga kelishib oldi.
O‘.QO‘ZIBOYEV.