Turkiyada Mirziyoyev ishtirokida ochiladigan kutubxonadan fotoreportaj
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning taklifi bilan ushbu mamlakatda ekanligidan xabaringiz bor.
Bu Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston rahbari sifatida Turkiyaga ikkinchi tashrifi. Davlatimiz rahbari birinchi marta 2017 yilning 25-26 oktyabr kunlari Turkiyaga borgandi.
Bu safar Shavkat Mirziyoyev Turkiyaga tashrifi davomida Xalq kutubxonasi (Millet Kütüphanesi)ning tantanali ochilish marosimida faxrli mehmon sifatida ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Millet Kütüphanesi’ni qurish ishlari 2016 yilda boshlangandi. Uning maydoni 125 ming metr kvadrat tashkil etadi. Kutubxona bir vaqtning o‘zida 5 ming kishiga xizmat ko‘rsata oladi. Kutubxonada 4 million bosma, 120 million elektron nashrlar va 550 mingta elektron kitob hamda nodir asarlar bor.
Kutubxona loyihasini tayyorlashda Turkiyaning ko‘zga ko‘ringan madaniyat vakillari, sahhoflar, kutubxona boshqaruvchilari, jamoat tashkiotlari bilan hamkorlik qilingan.
201 kilometrlik kitob javonida 100 davlatda 134 ta tilda chiqarilgan kitoblar bilan birga 120 millionga yaqin maqolalar ham joy olgan. Millet Kütüphanesi kattaligi va xizmat ko‘rsatish sifati bo‘yicha dunyodagi yetakchi kutubxonalardan bo‘lishi kutilyapti.
Kutubxona kompleksdagi Cihannüm tarixda bo‘lgan 16 ta turkiy davlat sharafiga 16 ta ustun bilan mustahkamlangan. Zalning maydoni 3,5 ming metr kvadrat bo‘lib, 224 kishilik o‘rin va 200 mingga yaqin kitob bilan to‘ldirilgan.
Imorat gumbazining ichki tarafiga Qur’oni Karimdagi Al-Alaq surasining 4 va 5-oyatlari yozilgan: “U (insoniyatga) qalamni (ya’ni, yozishni - xatni) o‘rgatgan o‘ta Karamli Zotdir. U Zot insonga uning bilmagan narsalarini o‘rgatdi”.
Kutubxonaning Dunyo kitoblari bo‘limiga O‘zbekiston, Hindiston, Chili, Fransiya, Xitoy va Belarusda topilgan ba’zi kitoblar ham olib kelingan.
Sunnatilla ABDULLAYeV.